O‘rmon hududlarida ekologik tasniflash natijalari va zamonaviy yondashuvlar taqdim etildi
2026-06-09 17:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Samarqand shahrida "Eco Expo Central Asia 2026" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “O‘rmon hududlarida o‘tkazilgan ekologik tasniflash natijalari: o‘rmon xo‘jaliklarida innovatsiyalar va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar” mavzusida seminar tashkil etildi.

Tadbirni O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov kirish so‘zi bilan ochib, Davlat rahbarining bevosita e’tibori bilan keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
"- O‘tgan 2025-yilda o‘rmon xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini boyitish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xo‘jaliklarga mini-ekskavatorlar, traktorlar, maxsus suv tashuvchi texnikalar yetkazib berildi, - dedi E.Muhiddinov. 2026-yilda bu ishlarimizni yanada izchil davom ettiramiz. Bundan asosiy maqsad respublika hududlarida yashil maydonlarni yanada kengaytirish, yangi o‘rmonlar barpo etish va tiklash hamda cho‘llanishga qarshi kurashish tadbirlarini samarali tashkil etishdan iborat."
