O‘zbekistonda o‘rmon bilan qoplangan maydonlar yanada kengaytirildi
2026-01-07 09:08:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda o‘tgan yil mobaynida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 266 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Jumladan, bahor mavsumida 137 mln tup, kuz mavsumida esa 129 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilib, yashillik darajasi 14,3 foizga yetkazildi.
10 mingga yaqin mahallalar hududi va aholi tomorqalari atroflariga 48 mln tup, atrof-muhitga ta’sir xavfi yuqori bo‘lgan 1 541 ta sanoat korxonalari atrofidagi 3 894 gektar maydonga 11 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi ta’minlandi.
Ushbu raqamlarning zamirida minglab gektar yashil hududlar barpo etish, havoning musaffoligini saqlash, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish va ekologik barqarorlikni ta’minlash mujassamlashgan.
Aholi dam olishi hamda sayr qilishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida “yashil maydonlar” kengaytirildi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari” tashkil etish bo‘yicha ochiq ovoz berish jarayonlari o‘tkazildi. Natijada 155 ta tuman va shaharlarda bog‘ va parklar barpo etish bo‘yicha yakuniy ishlar amalga oshirildi.
Respublikaning tuman va shaharlarida jami 475 km uzunlikda “Soyali sayr ko‘chalari” va 378 km uzunlikdagi “Sog‘lomlashtirish yo‘laklari” tashkil etildi.




