QOZOG‘ISTON DELEGATSIYASI “SUVCHILAR MAKTABI” FAOLIYATI BILAN TANISHDI
2025-10-29 17:45:00 / Yangiliklar

2023-yilda faoliyatini boshlagan “Suvchilar maktabi” fermerlar, qishloq va suv xo‘jaligi sohasi vakillariga suvdan samarali foydalanish orqali yuqori hosildorlikka erishishni o‘rgatib kelmoqda. Bu yerda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan samarali foydalanish, sohaga doir innovatsion texnologiyalar, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘qitilayapti.
Mehmonlarga xuddi shunday maktablar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilganligi, ularning ko‘rgazmali maydonchalari uchun 10 gektargacha yer ajratilgani aytib o‘tildi.
Bu yerda Markaziy Osiyo respublikalaridan suv xo‘jaligi mutaxassislarini o‘qitish, tajribalarni o‘rgatish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
Shuningdek, mehmonlar Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan ham tanishdi.
Institutda yaratilgan suv xo‘jaligi va melioratsiya sohasini texnologik rivojlantirishga qaratilgan ilg‘or ishlanmalar namoyish qilindi.
Jumladan, institut bazasida kompozit materiallar asosida LK-60 va LK-80 turidagi sug‘orish lotoklarini ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishib, ushbu texnologiyaga katta qiziqish bildirishdi.
Bunday sug‘orish lotoklarini tajriba tariqasida Qozog‘iston Respublikasining janubiy mintaqalarida sinovdan o‘tkazish, kelgusida qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.
Axborot xizmati







