IJODIY UCHRASHUV
2025-10-27 17:50:00 / Yangiliklar

IJODIY UChRAShUV
So‘z va suv.
Shoir va suvchi.
Ular o‘rtasida uyg‘unlik, uzviylik bor.
Bugun vazirlikda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli ijodkor, iste’dodli shoir G‘ayrat Majid bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraуev olib bordi. Unda Vazirlik va tizim tashkilotlari xodimlari, asosan, yoshlar ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan onlayn bog‘langanlarni ham hisoblaganda ijodiy uchrashuvda mingga yaqin suvchilar qatnashdi.
Dastlab, O‘zbekiston madhiyasi yangradi. Qalblarni g‘ururga to‘ldiruvchi, yuraklarni hayajonga solguvchi mamlakatning bosh qo‘shig‘i ishtirokchilar yuragida Vatanga muhabbat, o‘z kasbiga fidoyilik va mas’uliyat hissini alangalatdi.
G‘ayrat Majidning e’tiroficha, suv qaqragan dalalarga hayot nafasini olib boradi. Suvchilarning mehnati bilan Vatanimizning ekin maydonlari yashnaydi.
She’r esa ko‘ngillarga yorug‘lik, ma’rifat ulashadi. Shoirlar, yozuvchilarning ijodi bilan Vatanimizda yashayotgan insonlarning ko‘ngli yashnaydi, ilhom oladi.
Munis Xorazmiy, Ogahiy bobolarimiz ham shoir, ham mirob bo‘lgan. Navoiy bobomiz kanallar qazdirib, suv chiqargan.
G‘ayrat Majid o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kitob tumani Xo‘jailmkon qishlog‘idagi korizlar tarixi, suv ilmini chuqur bilgan bobolarimizning merosi haqida gapirib berdi.
O‘zbek tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, kitobxonlik, mutolaa haqida so‘z yuritildi.
Ijodiy uchrashuvda she’rlar o‘qildi. Ma’naviy, ma’rifiy fikrlar ulashildi. Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan bu tadbir ishtirokchilar qalbida katta taassurot qoldirdi.
Axborot xizmati





