XORAZMLIK SUVCHI AYOLLAR ISHTIROKIDA GENDER TENGLIK VA HUQUQIY MADANIYAT MASALALARIGA BAG‘ISHLANGAN TADBIR O‘TKAZILDI
2025-10-23 17:20:00 / Yangiliklar

Unda Urganch shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori, kapitan Zuhra Tillaboeva ma’ruza qildi.
Tadbir davomida oiladagi muhitni yaxshilash uchun oila a’zolari o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni ta’minlash, muammolar, hissiyotlar va fikrlarni bir-biri bilan baham ko‘rish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash hamda oila a’zolari orasida vazifalarni adolatli taqsimlash muhimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
Bundan tashqari, hozirda omma orasiga shiddat bilan kirib kelayotgan kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish va fuqarolarning bu boradagi bilimlarini oshirish yuzasidan ham keng ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida barchani ogohlikka da’vat etuvchi bukletlar tarqatildi.
Chapqirg‘oq Amudaryo ITHB matbuot xizmati


