O‘ZBEKISTON DELEGATSIYASI QOHIRA SUV HAFTALIGIDA ISHTIROK ETDI
2025-10-15 17:35:00 / Yangiliklar

Anjuman “Iqlim va suv barqarorligi uchun innovatsion yechimlar” shiori ostida o‘tkazilib, unda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan vazirlar, mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraуev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi.
Qohira suv haftaligi suv resurslarini boshqarish va muhofaza qilish sohasidagi eng nufuzli xalqaro maydonlardan biri bo‘lib, bu yilgi anjuman mintaqaviy va global suv xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli muhokamalarni o‘z ichiga oldi.
Tadbir davomida suv xo‘jaligi va irrigatsiya sohasidagi zamonaviy texnologiyalarga bag‘ishlangan ko‘rgazma ham bo‘lib o‘tdi. Unda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarining yangi turlari, avtomatlashtirilgan hisoblagichlar va sensorli boshqaruv uskunalari namoyish etildi.
O‘zbekiston va Misr delegatsiyalari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda ikki mamlakat suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvlarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar – Suv kodeksining qabul qilinishi, 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan suv resurslarini boshqarish dasturi, 2,5 ming kilometrdan ortiq irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va 1,4 million gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish kabi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Haftalik doirasida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraуev bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Jahon suv kengashi prezidenti Lui Foshon, Suv resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha Islomiy hamkorlik tarmog‘i ijroiya direktori doktor Marvan al-Raggad va Misr Suv resurslari va sug‘orish vaziri doktor Hani Suvaylam bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish, qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirish va ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga keng urg‘u berildi.
Shuningdek, Misr Milliy suv tadqiqotlari markazi bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tadbir doirasida “First Class Gear Technology”, “Wilo”, “The Leading Construction Companies” va “Technical Development Solutions” kabi yirik xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ularda suv xo‘jaligi sohasida zamonaviy yechimlar va hamkorlik imkoniyatlari muhokama etildi.
Axborot xizmati





