FARMONGA ShARH
2025-10-15 09:35:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz milliy huquq tizimida ko‘lami va mohiyati nuqtai-nazaridan islohotlarning yangi davri boshlandi. Bu jarayonda odamlarning huquqiy savodxonligini oshirish katta ahamiyatga ega.
Huquqiy savodxonlik deganda jamiyat a’zolari bo‘lgan har bir fuqaro va mansabdor shaxslarning huquqiy ong va tafakkur asosida huquqiy borliqni anglashi, qonunchilik talablarini bilishi, amaldagi qonunchilikni hurmat qilishi va ularga rioya etishi tushuniladi.
Hozirgi globallashuv, ilmiy-texnik taraqqiyot davrida aholi va ijrochilarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda targ‘ibotning ilg‘or va ta’sirchan vositalaridan foydalanish muhim sanaladi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 5-sentabr kuni adliya tizimida davlat xizmatlarini kengaytirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishar ekan, “Aqlli targ‘ibot” asosida aholi va tadbirkorlarga yangi hujjatlar haqidagi ma’lumotlarni manzilli tarzda, elektron tizimlar orqali yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, qonunchilikni mutaxassislar ishtirokida sodda tilda sharhlab boruvchi “Adliya TV” internet sahifasi ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlarni bergan edi.
Prezidentimizning joriy yil 8-sentabrda imzolangan “Huquqiy axborotni proaktiv shaklda yetkazish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-160-son Farmoni mazkur tashabbusning amaliy natijasi bo‘ldi.
- Lex.uz - Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilinadi;
- ushbu axborot tizimlarida yuritiladigan Qonunchilik tarmoqlarining umumhuquqiy klassifikatorining har bir kodi Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichining tegishli guruhiga hamda tegishli davlat xizmatiga biriktiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtiriladigan aholi va tadbirkorlar uchun eng muhim masalalarni tartibga solishga qaratilgan loyihalarni tanlov asosida jismoniy va yuridik shaxslarga yuborish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali “Huquqiy targ‘ibot loyihadan boshlab” tamoyili joriy etiladi.
Huquqiy axborotni ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish qamrovini oshirish maqsadida Adliya vazirligi internetdagi ommaviy videoxosting platformalarida “Adliya TV” sahifasini ishga tushiradi. Mazkur sahifa orqali:
yangi qabul qilingan muhim normativ-huquqiy hujjatlarni, ayniqsa qonunlarni keng ommaga sodda va xalqchil tilda tushuntirish bo‘yicha bevosita ularni ishlab chiqishda qatnashgan davlat idoralari xodimlari, jamoatchilik vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirokida podkastlar tashkil qilinadi;
aholining kundalik hayotida tez-tez uchrab turadigan va dolzarb bo‘lgan huquqiy masalalar yuzasidan aholining yoshi, kasbi va ijtimoiy holatidan kelib chiqib sodda, tushunarli va qiziqarli shakldagi videoroliklar, infografikalar, animatsiyalar, interaktiv savol-javoblar va boshqa zamonaviy ko‘rinishdagi materiallar tayyorlanib, muntazam ravishda joylashtirib boriladi.
2026-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi – Lex.uzni “E-qaror” va “E-kengash” elektron tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilish orqali unda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy xususiyatga ega bo‘lgan qarorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylashtirib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-martdan boshlab huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha tadbirlarni monitoring qilish va baholash tizimidan voz kechgan holda normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilar va keng aholi qatlamiga tushuntirish ishlarini “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimi orqali nazorat qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar matnlari “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimi va “Raqamli mahalla” yagona platformasi orqali “respublika-viloyat-tuman-mahalla” tamoyili asosida davlat organlari va tashkilotlariga hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuboriladi. Bunda ushbu organlar faoliyatiga taalluqli hujjatlar majburiy tanishish uchun, boshqa hujjatlar ma’lumot uchun yuboriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati ijrochilar va keng jamoatchilikka yetkazilishi ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimida Huquqiy axborotni tarqatish kartotekasi yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Kartotekada Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjat daxl qiladigan sub’ektlar toifasi, ularga huquqiy targ‘ibotni yetkazish usullari hamda ularni tashkil qilishga mas’ul davlat organlari va tashkilotlari, qoida tariqasida, ishlab chiquvchilar orasidan belgilanadi;
Kartoteka asosida davlat organlari va tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini yetkazish bo‘yicha manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshiradi hamda bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlarni “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimiga kiritib boradi;
Davlat organlari va tashkilotlarida Kartoteka asosida ishlarni tashkillashtirish hamda huquqiy axborotni tarqatish ishlarini muvofiqlashtirish ushbu organ va tashkilotlarning yuridik xizmatlari zimmasiga yuklatiladi.
“Huquqiy axborot siz istagan vaqtda” tamoyilini amaliyotga to‘liq tatbiq etish uchun huquqiy axborotni tarqatishda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va tadbirkorlik sub’ektlarining faol ishtirokini ta’minlash mexanizmlari joriy etiladi.
Ushbu Farmon aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, shu bilan birga huquqiy axborot manzilli yetkazilishi hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlar zamon talablari asosida amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Axborot xizmati
