KANALLARNI BETONLASHTIRISH – SUVDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGINI OSHIRISHNING MUHIM OMILI
2025-09-25 19:40:00 / Yangiliklar

Respublika viloyatlarida, jumladan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida ham suvning yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan kanallarni betonlashtirish, sug‘orish tarmoqlarini tozalash va ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jizzax viloyati, “DM-3” kanali
Jizzax bosh nasos stansiyasidan suv oluvchi “DM-3” kanali Sh.Rashidov va Zomin tumanlaridagi 3130 ga sug‘oriladigan yer maydonlarini suv bilan ta’minlaydi. Kanal 1992 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, umumiy uzunligi – 38,5 km, kanal boshidagi suv sarfi – 10,0 m3/sek.
“DM-3” kanalining PK151+00 dan PK221+00 piketigacha bo‘lgan
7 km dan ortiq uzunlikdagi qismi tuproq o‘zanli bo‘lganligi tufayli filtratsiya darajasi yuqori bo‘lib, kanalda suv isrofgarchiligiga sabab bo‘lgan.
Natijada ushbu kanaldan suv oluvchi 20 ta fermer xo‘jaliklarining 2700 ga ekin maydonlarida suv ta’minoti pasayib, muammolar vujudga kelgan. Xususan, Sh.Rashidov tumanining “Qulpisar” hududiga suv 3 sutka mobaynida yetib borgan.
Suvning filtratsiyaga yo‘qolishini kamaytirish uchun kanalning 7,3 km qismini quyma beton bilan qoplash ishlari amalga oshirildi. Natijada kanalning 3 sutkada suv yetib boradigan oxirgi uchastkasiga 1 sutkada suv yetib borishiga hamda 2700 gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.
Kanalni betonlashtirishdan oldin uning foydali ish koeffitsienti (FIK) 0,65 ni tashkil etgan bo‘lsa, betonlashtirishdan keyin esa 0,82 ga teng bo‘lib, filtratsiya tufayli kanalda suvning yo‘qotilishini 17 foiz kamaytirilishiga erishildi.
Qashqadaryo viloyati, “R-26” kanali
Koson tumanidagi “R-26” kanali 22 167 ga sug‘oriladigan maydonlarni suv bilan ta’minlaydi. 1985 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, umumiy uzunligi 25,7 km, loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyati 44,0 m3/sek.
Kanalning 15,6 km qismi tuproq o‘zanli bo‘lib, filtratsiya darajasi yuqoriligi sababli ushbu kanaldan suv oluvchi fermer xo‘jaliklarining ekin maydonlarini suv bilan ta’minlashda muammolar vujudga kelib, oxirgi uchastkalariga 3 sutkada suv yetib borgan.
Loyihaga ko‘ra, “R-26” kanali 41 000 ga maydonni suv bilan ta’minlashi kerak bo‘lsada, olis cho‘lda joylashgan “Andabozor”, “Chiroqchi”, “Surxon”, “Jarqum”, “Maydayobu” hududlaridagi 20 078 ga maydon foydalanishdan chiqib ketgan.
2024-yilda bosh pudratchi tashkilot “To'palang HPD Holding” MChJ tomonidan “R-26” kanalini betonlashtirish ishlari bajarildi. Manzilli dasturga asosan, 42 215,5 mln so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi.
Suvning filtratsiyaga yo‘qolishini kamaytirish uchun kanalning 15,6 km uzunlikdagi qismini quyma beton bilan qoplash ishlari bajarildi.
Kanalni betonlashtirishdan oldin uning foydali ish koeffitsienti (FIK) 0,72 ni tashkil etgan bo‘lsa, betonlashtirishdan keyin 0,90 ga teng bo‘lib, kanalda suvning yo‘qotilishini 18 foiz kamaytirilishiga erishildi.
Ilgari 3 sutkada suv yetib boradigan oxirgi uchastkasiga 1 sutkada suv yetib borishiga erishilib, 20 078 gektar sug‘oriladigan yer maydonining suv ta’minoti yaxshilandi.
Shu bilan birga “R-26” kanalining quyi qismida joylashgan
1,7 ming gektar foydalanishdan chiqib ketgan maydonlar Xitoy davlatining “Qashqadaryo jingu” korxonasi tomonidan qayta foydalanishga kiritilib, shundan 2025 yilda 1,2 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etish natijasida paxtadan gektariga 60 sentnerdan hosil yetishtirildi.
Kanallarni betonlash ishlari davom ettiriladi
Kanallar orqali suvning barqaror yetkazib berilishi natijasida qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligi oshishiga zamin yaratilib, klaster, fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan aholini arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga imkon yaratilmoqda.
Suvni tejash, undan oqilona foydalanish, tabiiyki, qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan barqaror ta’minlashga xizmat qiladi. Qolaversa, kanallarni betonlashtirish borasida boshlangan ishlar ham o‘z natijasini bermoqda hamda ushbu tadbirlar natijasida suvni iqtisod qilinishiga erishilmoqda.
Kelgusida bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi. Bu esa pirovard natijada qishloq xo‘jaligida mahsuldorlikni oshirish hamda sug‘oriladigan ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
X.Lapasov,
Suv xo‘jaligida islohotlar markazi direktori
