O‘ZBEKISTON SUV SO‘JALIGI SOHASINING UZOQ MUDDATLI STRATEGIYASI ISHLAB CHIQILADI
2025-09-15 12:30:00 / Yangiliklar

Strategiya loyihasini ishlab chiqishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida bugun Suv xo‘jaligi vazirligida akademik V.L.Kvint boshchiligidagi olimlar bilan o‘quv-trening o‘tkazildi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va sohaga doir tashkilotlar mutaxassislari, O‘zbekiston milliy universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti olimlari, tadqiqotchilar, vazirlikning faol yoshlari, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi, “Sirdaryo” havzasi suv xo‘jaligi birlashmasi, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan va suv xo‘jaligi sohasida loyihalarni amalga oshirayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Shu bilan birga hududlardagi suv xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassislari ham o‘quv-treningni onlayn kuzatib bordi.
Tadbirni Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayev ochib berdi.
Dastlab, hurmatli Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar haqida axborot berildi.
Xususan, Suv kodeksi, Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan dasturi tasdiqlangani, dasturda nafaqat soha oldidagi to‘rt yillik muhim ko‘rsatkichlar, shu bilan birga bajariladigan tadbirlar, moliyalashtirish manbalari aniq belgilangani aytib o‘tildi.
Akademik V.L.Kvint va rossiyalik olimlar Strategik rejalashtirish, uning ahamiyati, strategiyalashtirish metodologiyasi, suv xo‘jaligini uzoq muddatligi rejalashtirishda e’tibor qaratiladigan jihatlar haqida taqdimotlar qilishdi. Tadbir jonli muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlar Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti laboratoriyalari, Suvchilar maktabi faoliyati bilan tanishdi. Akademik V.L.Kvint ishtirokida Suvchilar bog‘iga daraxt ko‘chati ekildi.
Ma’lumot uchun: V.L.Kvint – iqtisod fanlari doktori, siyosiy iqtisod professori, Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi. “Strategiya nazariyasi va strategiyalashtirish metodologiyasi” turkumidagi ilmiy ishlari uchun Moskva davlat universitetining oliy mukofoti – Lomonosov I mukofoti bilan taqdirlangan.
Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasining “Aleksandr Nevskiy” ordeni, “Do‘stlik” ordeni va boshqa mukofotlar sohibi. O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika sohasida davlat mukofoti bilan taqdirgangan.
Axborot xizmati







