O‘ZBEKISTONDAGI IKKITA KANAL XALQARO MUKOFOTGA SAZOVOR BO‘LDI
2025-09-10 09:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda turli davlatlar suv xo‘jaligi vazirlari va tashkilotlar rahbarlari, jumladan, Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Muhammad bin Sabu, Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi Prezidenti Marko Archieri, Butunjahon suv Kengashi Prezidenti Loik Fashon, Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti Prezidenti Henk Ovink qatnashdi. Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Z.Ishpulatov boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasining ham ishtirok etishi mamlakatimizning global suv xo‘jaligi maydonidagi nufuzi va faol ishtirokini yana bir bor namoyon etdi.
Forum doirasida tashkil etilgan zamonaviy suv texnologiyalari ko‘rgazmasi delegatlarga ilg‘or yechimlar va yangi asbob-uskunalarni taqdim etdi. Xususan, energiya tejovchi nasoslar, raqamli boshqaruv tizimlari hamda suv sarfini hisobga olish innovatsion uskunalari bilan tanishildi. Ushbu tajriba O‘zbekistondagi irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilishda amaliy ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Forumning dastlabki kuni plenar sessiyalar o‘tkazildi. Muhokamalarda irrigatsiyaning global ahamiyati, oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslarini tejash masalalari ko‘rib chiqildi.
Yuqori darajadagi maslahat guruhi yig‘ilishida O‘zbekistonda Davlat rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijasi haqida axborot berildi. Suv kodeksi hamda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi yangi yutuqlarga omil bo‘lishi e’tirof etildi.
9-sentabr kuni Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Z.Ishpulatov Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi bosh kotibi Rakesh Kumar Gupta bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida O‘zbekiston va komissiya o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, mutaxassislarni xalqaro ishchi guruhlarga jalb etish hamda suv xo‘jaligi obyektlarini modernizatsiya qilish loyihalari uchun xalqaro ko‘mak masalalari muhokama etildi.
Forum doirasida Jahon banki vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Suhbatlarda suv tejash texnologiyalarini moliyalashtirish, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari muhokama qilindi.
Xabaringiz bor, O‘zbekistondagi ikkita kanal – “Do‘stlik” va “Eski Tuyator” nufuzli “WHIS AWART 2025” (Butunjahon irrigatsiya merosi) mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. Bu mukofot har yili Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi tomonidan yoshi 100 yildan oshgan va hamon foydalanib kelinayotgan, noyob irrigatsiya inshootlariga beriladi.
“Do‘stlik” kanali Sirdaryo daryosi havzasida 100 yildan oshiqroq vaqtdan buyon barqaror ishlab kelayapti. U O‘zbekiston va Qozog‘iston hududi orqali o‘tuvchi yirik transchegaraviy magistral kanalidir.
“Eski Tuyatortar” kanali esa Zarafshon daryosi havzasidagi ko‘p asrlik inshoot. U ko‘lami jihatdan ham, texnik yechimlari jihatidan ham o‘z davrida ilgari surilgan gidrotexnik g‘oyalarni ifodalovchi noyob obida hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasining “Butunjahon merosi deb tan olingan irrigatsiya inshootlari” reestriga dunyo bo‘yicha 177 ta inshoot kiritilgan.
“Do‘stlik” va “Eski Tuyatortar” kanallari Markaziy Osiyo mintaqasidan bu ro‘yxatga kirgan birinchi inshootlar bo‘ldi.
10-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi ijroiya qo‘mitasining 76-yig‘ilishida “Do‘stlik” va “Eski Tuyatortar” kanallariga WHIS Award 2025 mukofotini topshirish marosimi bo‘ldi.
Bu kanallar nafaqat mintaqaviy, balki jahon miqyosida ham qimmatli irrigatsiya merosi ekanini ta’kidlandi va ularni saqlash bilan birga zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Axborot xizmat





