VAZIR QIZILTEPA TUMANIDA SAYYOR QABUL O‘TKAZDI
2025-08-21 15:15:00 / Yangiliklar

Unda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.Hikmatov, Qiziltepa tumani hokimi U.Adizov, viloyatdagi barcha suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, fermerlar, mahalla va boshqa fuqarolik jamiyati instituti vakillari qatnashdi.
Uchrashuv avvalida ishtirokchilarga Prezidentimiz tashabbusi bilan suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar haqida axborot berildi.
Xususan, Suv kodeksi, Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturi tasdiqlangani, dasturda nafaqat soha oldidagi to‘rt yillik muhim ko‘rsatkichlar, shu bilan birga bajariladigan tadbirlar, moliyalashtirish manbalari aniq belgilangani aytib o‘tildi.
Sayyor qabulda, asosan, ekinlarni sug‘orish, fermer xo‘jaliklarining nasoslariga ajratilgan elektr energiyasi limitlari, kanal va ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlash bo‘yicha muammolar hamda qo‘shimcha suv limiti ajratish kabi 30 dan ziyod murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarning ayrimlari shu yerning o‘zida hal etildi. O‘rganish vaqt talab qiladiganlari nazoratga olinib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yoshlarni ishga joylashtirish masalasi ko‘rildi. Ma’murjon Mahmudov va Diyorbek Tursunov 2025-yilda Buxoro davlat texnika universitetini Meliorativ gidrogeologiya yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagani, hozirgi kunda ishga joylasholmayotganligini aytib, vazirdan amaliy yordam so‘radi. Ularning murojaati ijobiy hal etilib, Qiziltepa tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasiga ishga qabul qilindi.
Quyi Zarafshon ITHB matbuot xizmat




