KELAJAK SUVGA BO‘LGAN MUNOSABATIMIZGA BOG‘LIQ
2025-08-19 09:55:00 / Yangiliklar

Biz suv resurslarini tejash maqsadida irrigatsiya tizimlarini betonlashtiryapmiz. Suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat bazasini yaratdik, sug‘oriladigan yerlarning deyarli yarmida ana shunday texnologiyalarni joriy etdik. Bunday chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yili 8 milliard metr kub suvni tejashga muvaffaq bo‘ldik.
Shavkat MIRZIYOYEV
Hayot uchun eng zarur resurs — suvga bo‘lgan talab dunyo bo‘yicha tobora ortib, uning qadri va qiymati o‘sib boryapti. Olib borilayotgan tadqiqot va tahlillardan kelib chiqqan holda, ushbu holat sanoatlashuv, global iqlim o‘zgarishi ta’sirida haroratning ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, yog‘ingarchilik miqdorining kamayishi, qurg‘oqchilik, aholi sonining ko‘payishi, oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojning kuchayishi kabi turli omillar bilan izohlanmoqda.
So‘nggi yillarda Yevropa davlatlari yoz mavsumida kuchli qurg‘oqchilikni boshdan kechiryapti. Misol uchun, shu yilning avgust oyi boshlarida Ruminiya va Serbiyada yer osti suvlari sathi pasayib ketib, qurg‘oqchilikdan ekinlar quriy boshlagan. Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi ko‘p mamlakatlar qatorida Markaziy Osiyo mintaqasida ham suv tanqisligi yildan-yilga kuchliroq sezilyapti. Daryo va soylardagi suv miqdorlari kamayib bormoqda.
Joriy yilning 14-avgust kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 90-yig‘ilishida ishtirokchilarga O‘zbekistonning Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi haqida axborot berildi.
O‘zbekistonda sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga 2020-2024-yillarda 60 trillion so‘m byudjet mablag‘lari hamda 622 million AQSh dollarilik xorijiy investitsiya yo‘naltirildi. Natijada 2020-yilda suv tejovchi texnologiyalar qo‘llangan maydonlar jami sug‘oriladigan maydonlarga nisbatan 4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshdi.
Yana 1 million 400 ming gektar yerda suv tejovchi, shu jumladan, 293 ming gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etiladi. Suv ta’minoti darajasi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlar hajmini 424 ming gektardan 276 ming gektargacha kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Dasturda irrigatsiya tarmoqlarining 2 551 km qismini rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun har yili Davlat budjetidan kamida 1,3 trillion so‘m ajratish va xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 300 million dollar o‘zlashtirish belgilangan.
Suv xo‘jaligi vazirligi balansidagi nasos stansiyalarining eskirgan 562 ta nasos va 578 ta elektr dvigateli zamonaviy hamda energiya tejamkorlariga almashtiriladi. Buning hisobiga ularning yillik elektr energiyasi sarfi 6,8 milliard kVt/soatdan 6,2 milliard kVt/soatgacha kamaytiriladi. Kanallarni betonlashtirish va nasoslarni modernizatsiya qilish ishlariga chet el investitsiyalarini jalb qilishga asosiy vazifa sifatida e’tibor qaratiladi.
Dasturda nafaqat soha oldidagi to‘rt yillik muhim ko‘rsatkichlar, shu bilan birga, bajariladigan tadbirlar, moliyalashtirish manbalari aniq belgilangani qo‘shni davlatlarning suv xo‘jaligi mutaxassislarida katta taassurot qoldirdi. O‘zbekiston rahbari butun mintaqa xalqlari farovonligi uchun qayg‘urayotganligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz joriy yil aprel oyida Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqida Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va bu sohada mintaqaviy dasturni ishga tushirish tashabbusi bilan chiqqan edi.
Quvonarlisi, bu boradagi amaliy ishlar allaqachon boshlanib ketdi. O‘tgan haftada tojikistonlik bir guruh mutaxassislar uchun Toshkentdagi Suvchilar maktabida trening tashkil etildi. Ularga O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, “Suvkredit”, “Agrosubsidiya”, “Tomchi” dasturiy ta’minot va mobil ilovalari, subsidiyalar berish tartibi va Yagona elektron reestrdan foydalanish haqida batafsil ma’lumot berildi. Bu esa mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishuv chog‘ida ta’kidlaganidek, suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li — raqamlashtirish. Bu orqali shaffoflik, aniqlik ta’minlanadi, korrupsiyaning oldi olinadi.
Shu bois “O‘zbekiston-2030” strategiyasi va suv xo‘jaligini rivojlantirish Konsepsiyasida ham ushbu yo‘nalishdagi muhim vazifalar qamrab olindi. Mazkur hujjatlarda belgilangan ko‘rsatkichlardan kelib chiqqan holda, suv ombori va irrigatsiya tizimlarining suv o‘lchash postlarida suv resurslarini kuzatib borish imkonini beruvchi “Aqlli suv”, meliorativ kuzatuv qudug‘ida sizot suvlari ko‘rsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini nazorat qiluvchi “DIVER”, shuningdek, nasos stansiyalarda suv sarfini monitoring qilish qurilmalarini o‘rnatish, yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarining boshqaruvini avtomatlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bu esa o‘zining natijalarini bera boshladi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, vazirlik huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etildi. “Suv hisobi”, “Nasos stansiyalari” kabi axborot tizimlari yaratildi. Bu boradagi ishlar ko‘lami kelgusida ham tobora kengaytiriladi. Binobarin, yaqinda qabul qilingan to‘rt yillik dasturda ham sohani raqamlashtirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tajribasidan kelib chiqqan holda, qo‘shni davlatlar bilan birgalikda foydalaniladigan suv manbalariga raqamli suv o‘lchash qurilmalarini o‘rnatish, suvning hisobini onlayn va shaffof tarzda kuzatib borish tashabbusi ilgari surilmoqda.
Prezidentimiz bevosita rahbarlarigi va beqiyos ko‘magi bilan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida jamiyatimizda suvni tejash madaniyati shakllanyapti. Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish, pirovardidda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Birgina 2024-yili iqtisod qilingan 8 milliard kub metr suv takroriy ekinlar yetishtirish, aholi tomorqalarini sug‘orishga yo‘naltirilgani buning yaqqol dililidir.
Shu ma’noda, Suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan dasturiga muvofiq, joriy yilda 10 mlrd. kub metr, 2026-yilda 12 mlrd. kub metr, 2027-yilda 13 mlrd. kub metr, 2028-yilda esa 14 mlrd. kub metr suvni iqtisod qilish vazifasi qo‘yilgani alohida e’tiborga molik jihatdir.
Suv — ulug‘ ne’mat, ta’bir joiz bo‘lsa, u butun olam tirikligining manbaidir. Prezidentimizning qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshilash, xalqimizni suv bilan ta’minlash, dehqonlarimizga zarur shart-sharoitlar yaratib berish borasida olib borayotgan ulkan sa’y-harakatlari zamirida, avvalo, suv resurslarini samarali boshqarish va undan oqilona foydalanish orqali butun mintaqada suv muammosini hal etish maqsad-muddaosi mujassam bo‘lib, bu esa o‘zining amaliy natijalarini beryapti. Bugungi farovon hayotimiz, bozorlarimiz to‘kisligi, oziq-ovqat mahsulotlari serobligi buning yorqin tasdig‘idir.
Shavkat XAMRAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri.
