YERLARNING MELIORATIV HOLATI – EKOLOGIK BARQARORLIK KAFOLATI
2025-08-14 16:55:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, respublikamizda 4,3 million gektardan ortiq bebaho boylik hisoblangan sug‘oriladigan yer fondi mavjud bo‘lib, qishloq xo‘jalik mahsulotlarining asosiy qismi aynan ushbu maydonlarda yetishtiriladi.
Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini barqaror saqlash va yanada yaxshilash maqsadida hozirgi kunda 144 ming kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlari, 175 ta meliorativ nasos stansiyasi, 4 056 ta meliorativ tik quduq, 27 mingdan ortiq kuzatuv quduqlari hamda 15 ming dona gidrotexnika inshootlari xizmat qilmoqda.
Mazkur obyektlarni doimiy soz holatda saqlash, ularni samarali ishlatish hamda yangi melioratsiya ob’ektlarini qurish eng ustuvor vazifalar hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturida melioratsiya bo‘yicha ham chora-tadbirlar belgilab berildi. Unga ko‘ra, sho‘rlangan yerlar hajmi 1 898 ming gektardan 1 732 ming gektargacha qisqartiriladi, shu jumladan o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan maydonlar 578 ming gektardan 460 ming gektarga tushiriladi. Sizot suvlari sathi muammoli bo‘lgan maydonlar 893 ming gektardan 775 ming gektargacha kamaytiriladi. Foydalanishdan chiqqan 67 ming gektar sug‘oriladigan yerlar qayta ishga kiritiladi. Shu bilan birga, suv xo‘jaligini raqamlashtirish doirasida 12 080 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ida raqamli texnologiyalar asosida suv sarfi hisobi monitoringi yo‘lga qo‘yiladi va onlayn rejimda monitoring qilinadi.
Mazkur chora-tadbirlar, o‘z navbatida, yerlarning meliorativ holatini izchil yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, har yili davlat dasturlari doirasida minglab texnikalar yordamida 10 ming km. dan ortiq melioratsiya tarmoqlarida qurish va rekonstruksiya hamda ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Jumladan, joriy yilda ham respublikamiz bo‘yicha 168 km uzunlikdagi ochiq va 108 km yopiq-yotiq kollektor tarmoqlari, 22 ta gidrotexnika inshooti, 1 ta meliorativ nasos stansiyasi, 40 ta tik drenaj quduq, 60 ta kuzatuv qudug‘ini qurish-rekonstruksiya qilish ishlari hamda 9 124 km uzunlikdagi ochiq va 809 km yopiq-yotiq kollektor tarmoqlari, 280 ta tik drenaj qudug‘i va 1 095 ta kuzatuv quduqlarida tizimli ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Ushbu tadbirlar natijasida o‘rta va kuchli sho‘rlangan 46 ming gektardan ziyod maydonning meliorativ holati yaxshilanadi.
Bulardan tashqari, melioratsiya yo‘nalishida raqamlashtirish bo‘yicha ham ishlar jadal olib borilmoqda. Jumladan, yerlarning sho‘rlanish darajasi va meliorativ holatini real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini beruvchi Melioratsiya axborot tizimi dasturiy ta’minoti ishlab chiqildi.
Bunda yer osti suvlari sathi va mineralizatsiyasi monitoringini onlayn nazorat qilish uchun 10 ming dona “Diver” qurilmalari bilan jihozlandi hamda real vaqt rejimida ma’lumotlar olish imkoni yaratildi.
Shuningdek, har yili kuzgi-qishki tadbirlar doirasida barcha viloyat va tumanlardagi ekin maydonlari kesimida sho‘rlanish darajasi va sho‘r yuvish tadbirlarini o‘tkazish grafiklari ishlab chiqilib doimiy sho‘r yuvish tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.
Keyingi yillarda hududiy meliorativ ekspeditsiyalar tomonidan sho‘r yuvish tadbirlarini sifatli o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, har bir klaster va fermer xo‘jaliklariga yetkazilib, sho‘r yuvishda innovatsion suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bunday chora-tadbirlar yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi hosildorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yer va suv resurslarini muhofaza qilish orqali kelajak avlodlarga unumdor yerlarni meros sifatida qoldirish maqsadi amalga oshiriladi.
D.Axmatov,
Suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi
Melioratsiya ob’ektlaridan va mexanizmlaridan
foydalanish boshqarmasi bosh mutaxassisi


