O‘ZBEKISTONNING SUV XO‘JALIGIDAGI IBRATLI TAJRIBALARI
2025-08-06 16:45:00 / Yangiliklar
Suv – ulug‘ ne’mat, sayyoramiz tirikligining manbai. U bilan dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz farovon.
Prezidentimiz qanchalik qiyin va mashaqqatli bo‘lmasin, xalqimizni suv bilan ta’minlash, dehqonlarimizga zarur sharoitlar yaratish uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda. Odamlarni rozi qilish, aholining turmush sharoitini yanada yaxshilashga qaratilgan islohotlar bugun o‘z samarasini berayotganini ko‘rib, bilib turibmiz. Davlatimiz rahbarining “Dehqon boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi” degan so‘zlari zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad mujassam.
Bashoratlarga emas, natijalarga tayanaylik
Bundan o‘n yil oldin xalqaro ekspertlar bilan muloqotda iqlim o‘zgarishi, yog‘ingarchiliklar va asriy muzliklar kamayishining Markaziy Osiyoga ta’sirini muhokama qilgan edik. O‘shanda ular 2025-yilga borib, mintaqada suv resurslari 5 foizgacha, 2030-yillarda 10 foizgacha kamayishi mumkinligi, aholining suv tanqisligi oqibatidan aziyat chekishi haqida tashvishli bashoratlarni bildirishgandi.
Mana, o‘sha 2025-yilga ham yetib keldik. To‘g‘ri, suv resurslarining biroz kamayganligi sezilyapti, biroq o‘sha bashoratlarda aytilgan hosildorlik pasayishi, oziq-ovqat taqchilligi kuchayishi bilan bog‘liq muammolar kuzatilgani yo‘q.
Buning o‘z sabablari bor, albatta. Davlatimiz rahbari suv xo‘jaligi sohasi oldiga, birinchi navbatda, xalqimiz ehtiyoji uchun suvni yetkazib berish, iqlim o‘zgarishi va boshqa ta’sirlar tufayli suvning yetishmayotgan qismini qoplash vazifasini qo‘ygan.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2023-yilda 7, 2024-yilda 8 milliard kub metr suv iqtisod qilindi. 2025-yilda esa ushbu ko‘rsatkichni 10 milliard kub metrga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu o‘sha yetishmasligi bashorat qilingan suv miqdoriga teng, desak xato bo‘lmaydi. Ya’ni, iqtisod qilish orqali bizga yetmayotgan suv miqdorini qoplayapmiz.
2030-yilgacha yiliga 15 milliard kub metr suvni iqtisod qilishga erishish maqsad qilingan. Taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘rtacha kattalikdagi bir viloyat uchun yiliga 3-4 milliard kub metr suv kerak bo‘ladi. Iqtisod qilinadigan suv 3-4 ta viloyatning bir yillik iste’moliga teng bo‘ladi.
Isbotlangan yo‘l, aniq natija
Nukus shahrida zax suvlari tufayli ko‘cha chetlari va yo‘lak bo‘ylaridagi yerlarni tuz qoplab, gulu rayhon tugul dov-daraxt ham ko‘karishi qiyin edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yilda Nukus shahridan o‘tuvchi “Do‘stlik” kanalini betonlashga kirishildi. “Nukus” kollektorini bosqichma-bosqich qurish ishlari boshlandi. Qisqa fursatda, natija bo‘y ko‘rsatdi. Kanaldagi suv filtratsiyasi kamayib, sizot suvlari sathi pasaydi. Bugun Nukus ko‘chalarini borib ko‘rsangiz, gullar yashnab turganiga guvoh bo‘lasiz.
Yoki bir paytlar Guliston shahrida yer osti suvlari me’yordan oshib ketaverganidan Sirdaryo viloyati markazini Yangier shahriga ko‘chirish taklifi ham bildirilgan edi. Mayli, yangi joyda besh-o‘n yilda yangi markaz yaratish mumkindir. Lekin Guliston shahri aholisi-chi? Ularni zax bosishi bilan bog‘liq muammolar girdobidan kim qutqaradi?
Masalaning yechimiga Shavkat Mirziyoyevning o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. Guliston shahridan o‘tuvchi “Do‘stlik” kanalini rekonstruksiya qilish va betonlash natijasida suv filtratsiyasi kamaydi. Vertikal drenaj quduqlari qurildi, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirilib, sizot suvlari sathi sezilarli darajada pasaytirildi.
Bunday misollar juda ko‘p. Urganch shahrida “Shovot” kanalining betonlanishi tufayli, yoki bo‘lmasa deyarli botqoqqa aylanay degan Norin tumanida tik quduqlar qurilishi natijasida yer osti sizot suvlari sathi bilan bog‘liq muammolar barham topdi.
Qaysidir xalqaro tashkilotning biror bir davlatga sarmoya kiritishi oson ish emas. Bu o‘sha davlatdan keladigan foyda yoki mamlakat yetakchisining siyosiy irodasi bilan bog‘liq. Prezidentimizning e’tibori tufayli suv xo‘jaligi sohasiga ham katta sarmoyalar kiritilayotgani buning isbotidir. Islom taraqqiyot banki ishtirokida Xorazm viloyatidagi “Toshsoqa” kanallar tizimi, Jahon banki mablag‘lari hisobidan Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi kanallar, Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida Buxoro viloyatidagi, Islom taraqqiyot banki kreditlari evaziga Curxondaryo viloyatidagi kanallar betonlanishi natijasida ushbu kanallar hududida yer osti suvlarining sathi o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichdan 0,3-0,5 metrga pasaydi, kanallarning foydali ish koeffitsienti oshdi.
Eng asosiysi, sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti yaxshilandi, suv o‘zi oqib kelishi hisobiga minglab kichik nasos stansiyalar faoliyati to‘xtatildi. Elektr energiyasi va ekspluatatsiyaga ketadigan mablag‘lar iqtisod qilib qolindi.
Prezidentimiz 2023-yil 29-noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kanal va ariqlarni betonlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga o‘rtacha 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof bo‘lyapti. Suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilyapti.
Shu bois davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2024-yil – suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilindi. Bu borada keng miqyosda tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada 555 kilomert kanallar rekonstruksiya qilindi. Klaster, fermer xo‘jaliklari tomonidan 13,5 ming kilomert ichki sug‘orish tarmoqlari beton qoplamaga o‘tkazildi.
Bular shunchaki aytib o‘tib ketiladigan raqamlar emas. Bu raqamlarning ortida xalq farovonligi, dasturxonlarimizning to‘kin-sochinligi masalasi turibdi.
Tomchi bilan taraqqiyotga
Yaqin-yaqingacha tomchilatib sug‘orish texnologiyasi O‘zbekiston sharoitiga to‘g‘ri kelmaydi, bizning issiq iqlimga ariqlardan an’anaviy usulda sug‘orish mos, degan noto‘g‘ri qarash bor edi.
O‘zbekistonda 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer maydoni bo‘lsa, shuning qariyb 40 foizi oxirgi besh-olti yilda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olindi. Nimaning evaziga? Davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, subsidiyalar va rag‘bat hisobiga.
2018-yildan buyon suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Prezidentning 7 ta farmon va qarori qabul qilindi.
Ilgari suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarining uskunalari va butlovchi qismlari chet davlatlardan keltirilgan. 2019-yilda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar bilan shug‘ullanadigan ikki yo uchta korxona bor edi. Hozirga kelib bunday korxonalar soni 60 tadan oshdi. Ishlab chiqarish mahalliylashtirilishi hisobiga bir gektar uchun mahsulot tannarxi 20 foizgacha arzonlashishi bilan birga joylarda servis xizmati va savdo shoxobchalari yo‘lga qo‘yildi.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobidan 2023-yilda 2 milliard, 2024-yilda 2,5 milliard kub metr suv iqtisod qilindi.
Agar Prezident qat’iy talab qo‘ymaganida, davlat tomonidan kreditlar, subsidiyalar ajratilmaganida hali ham suv tejovchi texnologiyalarning ba’zi usullari bizning sharoitga mos kelmas ekan deb o‘zimizni ovuntirib yurgan bo‘lardik.
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida mamlakatda sug‘oriladigan maydonlarni suvni tejaydigan texnologiyalar bilan 100 foiz qamrab olish vazifasi qo‘yilgan. Yana 4-5 yilda ulkan marraning qolgan qismi ham uddalanadi.
O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suvni boshqarishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida mintaqa davlatlari orasida tashabbuskor bo‘lmoqda. “Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va bu sohada mintaqaviy dasturni ishga tushirishga chaqiramiz”, dedi Prezidentimiz Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqida.
Darvoqe, bu yildan ilg‘or fermerlarimiz o‘rtasida yangi harakat paydo bo‘ldi. Suv tejovchi texnologiyalarni ishlatish uchun quyosh paneliga o‘tayotganlar safi kengaymoqda.
Yurtboshimizning joriy yil 1-2-may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida xorazmlik fermerning nasos agregatini quyosh panellari orqali ishlatish tajribasi yuqori baholandi. Respublika bo‘yicha fermer xo‘jaliklari hisobidagi 7 500 ta nasos agregatlariga ushbu tajribani joriy etish vazifasi belgilandi.
Suv tejovchi texnologiyadan foydalanilmagan paytda quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tarmoqqa uzatiladi. Endi fermerlar uchun quyosh panellari xarajat emas, daromad manbaiga aylanadi.
Nasoslardagi yangi hayot
Ochig‘ini aytish kerak, suv xo‘jaligi sohasiga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning 70-75 foizi nasoslarni ishlatish uchun elektr energiyasiga sarflanadi.
Bugungi kunda yerlarni sug‘orish uchun davlat byudjeti hisobidan 1700 ga yaqin nasos stansiya ishlatilmoqda. Ularga bir yilda
7 milliard kVt/soat elektr energiyasi talab etiladi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida elektr energiyasining yillik sarfini 1,8 milliard kVt soatga kamaytirishga erishildi. Ya’ni, 2017-yilda elektr energiyasi sarfi 8,3 milliard kVt. soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda 6,5 milliard kVt soatga tushdi.
Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 7-noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydalanish hamda yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oxirgi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalari modernizatsiya qilingani, lekin o‘rta va mayda nasoslar eskiligi sababli suv tannarxi oshib ketayotgani ta’kidlandi. Shu kabi muammolardan kelib chiqib, yig‘ilishda galdagi vazifalar belgilandi. 2025-yil – suv xo‘jaligida “nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb e’lon qilindi.
Nasos va agregatlarni zamonaviysiga almashtirish, energiya tejamkor qurilmalar o‘rnatish, elektr energiyasidan samarali va tejab foydalanish, agregatlarni grafik asosida qo‘shish, chiqarilayotgan suvni nazorat qilib borish choralari ko‘rilyapti. Natijada 2025-yilda ajratilgan limitga nisbatan 300 million kVt soat elektr energiyasini tejash ko‘zda tutilgan.
Mana shu jarayonda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalanilmoqda. 328 kilomert uzunlikdagi irrigasiya tarmoqlari, 2955 kilomert uzunlikdagi meliorasiya tarmoqlari, 412 ta nasos stansiyasi va 134 ta quduq DXSh asosida xususiy sheriklar boshqaruviga berildi.
Xususiy sheriklar tomonidan 129 ta nasos va 80 ta elektrodvigatel yangilandi, 51 ta suv sarfini onlayn o‘lchash qurilmasi, 34 ta kondensator qurilmasi o‘rnatildi, 46 kilomert uzunlikdagi irrigasiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, 476 kilomert uzunlikdagi meliorasiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi.
Natijada suv yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarning suv ta’minoti va yerlarning meliorativ holati yaxshilanib, 169,3 million kVt elektr energiyasi tejalishiga yoki 256,3 milliard so‘m davlat byudjeti mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishildi.
Raqamlashtirilgan suv siyosati
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li – raqamlashtirish. Bu orqali shaffoflik, aniqlik ta’minlanadi, korrupsiyaning oldi olinadi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, oxirgi to‘rt yilda onlayn rejimda 13 174 ta suv ombori va irrigatsiya tizimining suv o‘lchash postlarida suv resurslarini kuzatib borish imkonini beruvchi “Aqlli suv”, 10 296 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ida sizot suvlari ko‘rsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini nazorat qiluvchi “DIVER”, 1 748 ta nasos stansiyada suv sarfini monitoring qilish qurilmalari o‘rnatildi. 96 ta yirik suv xo‘jaligi obyektining boshqaruvi avtomatlashtirildi.
Vazirlik huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etildi. “Suv hisobi”, “Nasos stansiyalari” kabi axborot tizimlari yaratildi.
Suv kelgan joyga rizq keladi
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2024-2025-yillarda eng og‘ir ahvoldagi 1 000 ta mahallada tomorqa yerlarini sug‘orishni yaxshilash yoki ularda elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishini ta’minlash, internet sifatini oshirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash va boshqa infratuzilmani yaxshilash maqsadlari uchun jami 3,2 trillion so‘m mablag‘lar ajratilishi belgilandi.
Suv ta’minotida muammolar bo‘lgan mahallalardagi 467 mingta xonadonning 77,5 ming gektar tomorqa maydonlarida suv ta’minoti yaxshilandi.
Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi Birlik mahallasi raisi Jamoliddin Do‘stbekov hayotidan mamnun. Tomorqasiga suv keldi, ekinlar yashnab turibdi, mahalladoshlari ham tomorqaga ekin ekib, daromadni yo‘lga qo‘yib oldi. Raisning suv muammosidan “qulog‘i tinchidi”. Gap shundaki, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida mahallaga 4 kilomert uzunlikdagi beton ariq tortildi.
Ikkita nasos agregati qurilib berilgani uchun Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi “Qiziljar” OFY aholisi, sug‘orish qudug‘i qurilgani uchun Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Eskiarab mahallasi, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Oqjangal qishlog‘ining odamlari, sug‘orish tarmoqlari rekonstruksiya qilingan Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi Obod, Bo‘ston va Navoiy mahallalari ahli Prezidentimizni duo qilishmoqda.
Mustahkam tizim, munosib maosh, yangi marralar
Mamlakatimizda 30 mingdan ziyod suvchi bor. Ularning barchasi Shavkat Mirziyoyevni o‘zlariga juda yaqin oladi. Prezident suvchilarning dardu-tashvishlarini yaxshi bilgani, muammolarni yechib berayotgani buning asosiy omili desak xato bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 155 ta tuman irrigatsiya bo‘limi hamda 161 ta suv xo‘jaligi maxsus xizmati tugatilib, ularning negizida xo‘jalik hisobida faoliyat yuritadigan 159 ta tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tashkil etildi. Suv yetkazib berish xizmatlari xodimlarining oylik maoshlari manbasi hal qilindi va ish haqi miqdori ikki baravardan ziyod oshirildi.
Suv xo‘jaligining poydevori mustahkamlandi. Suv solig‘idan tushgan mablag‘lar evaziga ekskavator, betonqorgich va boshqa texnikalar xarid qilinyapti. Xo‘jaliklararo kanal va ariqlar betonlanyapti.
Prezidentimizning 2024-yil 7-maydagi “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Suv xo‘jaligi vazirligining faoliyati uch bo‘g‘inga ajratilib, vertikal boshqaruv tizimi tashkil qilindi. O‘rta va yuqori bo‘g‘in xodimlarining ham oyligi sezilarli darajada oshirildi.
Ma’lumotdan bilimga, bilimdan natijaga
Bugun suv xo‘jaligi sohasidagi barcha o‘zgarishlar Prezidentimizning tashabbusi, topshirig‘i, qo‘ygan vazifalari mahsulidir.
Eng muhimlarini sanab o‘tadigan bo‘lsak, 2023-yilda Toshkent shahri va respublikamizning 13 ta hududida “Suvchilar maktabi”, uning zamonaviy o‘quv xonalari hamda ilg‘or suv tejovchi texnologiyalar qo‘llaniladigan tajriba maydonlari tashkil etildi. Xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb etgan holda hozirga qadar 80 mingga yaqin fermer va suv xo‘jaligi xodimining malakasi oshirildi.
2023-yil noyabr oyida Surxondaryoga tashrif chog‘ida “suv tekin emas”, degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish va buni kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Bu g‘oyani mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot ishlariga kirishildi.
2025-yil aprel oyida Andijon viloyatiga tashrif chog‘ida respublika bo‘yicha trassa bo‘yidagi kamida 300 kilometr zovurlarni yopiq tizimga o‘tkazish, yil yakunigacha Oltinko‘l tajribasi asosida 10 mingta savdo-servis joyi va 100 mingta ish o‘rni yaratish belgilandi. Shu bilan birga ochiq kollektorlarda o‘rdakchilikni yo‘lga qo‘yish, baliq boqish bo‘yicha tajriba ommalashmoqda. Ilgari dastur asosida har 3-4 yilda bir tozalanadigan zovurlar endi daromad keltiradigan manbaga aylandi.
Sohada har qancha islohotlar qilmaylik, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimiz yaxshi bo‘lmaganida foydasi yo‘q edi.
O‘zbekistonda ishlatilayotgan suvning 80 foizdan ziyodrog‘i qo‘shni respublikalar hududida shakllanadigan transchegaraviy daryolardan olinadi. Davlatimiz rahbarining oqilona siyosati, sa’y-harakatlari natijasida qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro do‘stona va ishonchli aloqalar Markaziy Osiyo mintaqasidagi transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishga mustahkam zamin yaratdi. Qo‘shni davlatlarga amalga oshirilgan tashriflar chog‘ida transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda oqilona foydalanish masalasi eng yuqori darajada muhokama qilindi. Muammolarga hamjihatlikda yechim topilyapti.
***
Bugun suv xo‘jaligi tizimida qilanayotgan ishlarning ko‘lami keng. Bu ishlarning boshida, eng avvalo, sohani ich-ichidan yaxshi biladigan, bilimi va uzoq yillik tajribasi bilan bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelayotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev turganini alohida e’tirof etamiz.
Qiyinchiliksiz hayot yo‘q. Yillar o‘tar, suv tanqis bo‘lar, davrlar kelar suv yana ko‘payar. Nima bo‘lmasin, O‘zbekiston xalqi xotirjam yashashga haqli. Chunki, ularni o‘ylaydigan, bu zaminda yashayotgan odamlar uchun qayg‘uradigan yurt rahbari, bedor qalbli inson bor. Uning oldindan ko‘ra bilgan holda uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan tadbirlari tufayli bu o‘lka taraqqiyot iziga tushib olgan, xalqi hayoti yildan yilga farovonlashib bormoqda.
Shavkat HAMROYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri
“O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi” jurnalining 2025-yil 8-soni.
