SUV KODEKSI BILAN SOHADAGI ASOSIY HUQUQIY HUJJATLAR TIZIMLASHTIRILDI
2025-07-31 16:25:00 / Yangiliklar

Iqlim o‘zgarishi va boshqa ta’sirlar natijasida suvni yetishmaydigan qismini qoplashning hozirgi davrida xalqimizni suv bilan ta’minlash, dehqonlarimizga zarur sharoitlar yaratish uchun davlatimiz tomonidan juda ko‘p imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Xususan, barcha iqtisodiyot tarmoqlarining va atrof muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv infratuzilmasining va sug‘oriladigan yerlarning holatini yaxshilash kabi masalalar qamrab olingan “O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 31-yanvarda qabul qilingan.
Senat tomonidan 2025-yil 17-martda ma’qullangan.
Kodeksni ishlab chiqishda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Avstraliya, Vetnam va Germaniya davlatlarida suv munosabatlarini huquqiy tartibga solish tajribalari o‘rganildi.
Suv munosabatlari sohasida mamlakatimizdagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirildi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta farmoni va 14 ta qarori hamda Hukumatning 26 ta qarorlaridagi normalar birlashtirildi.
Yangi kodeks suv, suv obyektlari, suv xo‘jaligi obyektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Kodeksga ko‘ra, suvdan foydalanish umumiy va maxsus foydalanishga bo‘linadi.
Suv obyektlarining toifalariga:
🔹 O‘zbekistonning yer usti va yer osti suv obyektlari;
🔹 O‘zbekistonda joylashgan va uning hududini kesib o‘tadigan transchegaraviy yer usti va yer osti suv obyektlari kiradi.
Suv obyektlari tanho yoki birgalikda foydalanishda bo‘lishi mumkin.
Suv umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Kodeksda suv resurslarini boshqarishda maxsus vakolatli organlar belgilangan:
yer usti suvlarini boshqarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan organlari;
yer osti suvlarini boshqarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi.
Suv resurslarini boshqarishda qarorlar qabul qilish maqsadida respublika va havzalar, zarur hollarda hududlar darajasida kollegial-maslahat organi shaklida suv kengashlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika suv kengashi tashkil etiladi.
Kodeksga ko‘ra, suv obyektlari doimiy yoki vaqtincha foydalanishga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarga asosan foydalanishga beriladi.
Suv xo‘jaligi obyektidan vaqtincha foydalanish muddati 3 yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak.
Suvdan umumiy foydalanishga, jumladan, quyidagilar kiradi:
▪️ o‘zining ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlari uchun suv olish;
▪️ cho‘milish;
▪️ chorva mollarini sug‘orish;
▪️ sport va havaskorlik yo‘li bilan baliq ovlash.
Suvdan umumiy foydalanish Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsatsiz va cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlari soddalashtirilmoqda;
Sun’iy suv havzalaridan sutkasiga 5 kub metrdan ko‘p bo‘lmagan suv olishda ro‘xsatnoma olish zarurati chiqarib tashlanmoqda. Sun’iy suv havzalaridagi suvdan foydalanilganda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Suv xo‘jaligi obyektlariga xususiy sektorni jalb qilishni rivojlantirish, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish shartlari belgilanmoqda – 17-modda;
Kim oshdi savdosini o‘tkazish orqali vertikal sug‘orish quduqlari va ayrim kichik nasos stansiyalari (suv chiqarish quvvati sekundiga 1 kub metrgacha xususiy sektorga realizatsiya qilinishi mumkinligi belgilanmoqda
Bunga asosan tadbirkorlar o‘ziga tegishli hududlarda barcha suv obyektlarini mustaqil boshqaradi va modernizatsiya qilish imkoniyatlari yaratiladi.
Shuningdek, suvdan foydalanuvchilar orasida suvni taqsimlashning yangi mexanizmi, suvdan foydalanuvchilar ko‘p yillik kafolatli suv bilan ta’minlash maqsadida suv kvotasini berish joriy etilmoqda – 61 modda;
Kodeksning 60-moddasi suv servitutiga bag‘ishlangan. Bu tushuncha suv obyektidan yoki uning bir qismidan, shu jumladan suvni muhofaza qilish zonalaridan cheklangan tarzda foydalanish huquqini anglatadi.
Suv servituti belgilanishi mumkin bo‘lgan maqsadlar:
- suvdan umumiy foydalanish;
- fuqarolar va transport vositalarining o‘tishi;
- hayvonlarni sug‘orish va chorva mollarini haydab o‘tish;
- sohil bo‘yi zonalaridan erkin foydalanishni va undan o‘tishni ta’minlash kabilar.
Suv servituti ommaviy va xususiy suv servituti shaklida bo‘lishi mumkin.
Kodeksga ko‘ra, baliq xo‘jaligi, sanoat, energetika va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olish tartibi yuridik shaxslar tomonidan buzilganda, ularga nisbatan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi. Jarimalar miqdori:
🔹 suvdan foydalanuvchilar belgilangan limitdan ortiq olgan har ming kub metr suv uchun – bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 20 foizi;
🔹 suvdan foydalanuvchilar suv olish shartnomalari tuzilmagan holda olgan har ming kub metr suv uchun – BHMning 30 foizi;
🔹 suvdan foydalanuvchilar suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan holda olgan har ming kub metr suv uchun – BHMning 5 foizi;
🔹 suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomasiz olgan har ming kub metr suv uchun – BHMning 40 foizi;
🔹 suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar o‘zboshimchalik bilan olgan har ming kub metr suv uchun – BHMning 30 foizi miqdorida.
Suv olish tartibining buzilishi moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida takroran sodir etilganda, ushbu moliyaviy sanksiyalar 5 baravar miqdorda qo‘llaniladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Muxtasar aytganda, qabul qilingan ushbu Kodeks suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratadi. Davlat organlarining bir-birini takrorlovchi vakolatlari bilan bog‘liq masalalar hal qilinib, suv yetkazib beruvchilar va suvdan foydalanuvchilarning mas’uliyati oshiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning suv xavfsizligiga erishish uchun xizmat qiladi.
Rashid Tashev,
Irrigatsiya tizimlari va yirik gidrotexnika
inshootlaridan foydalanish boshqarmasi bosh mutaxassisi
