O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Raximovich Xamrayevning vazirlik tizimida mehnat qilayotgan soha xodimlariga murojaati
2025-07-18 17:35:00 / Yangiliklar

Hurmatli hamkasblar, suv xo‘jaligi tizimining fidoiy xodimlari!
Bugun Sizlarga barchamiz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala — korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish hamda tizimda halollik muhitini mustahkamlash borasida murojaat qilmoqdaman!
Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Bilamizki, mamlakatimizda suvdan samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va suv xo‘jaligini boshqarishning innovatsion usullarini qo‘llash bugungi kunda oldimizda turgan eng dolzarb masala, davrning oldimizga qo‘ygan qat’iy talabi!
Fidoiylik, halollik, poklik hamda korrupsiya illatiga nisbatan murosasizlik ushbu jarayonda har bir rahbar va xodim faoliyatining qat’iy mezonidir! Biz barchamiz yaxshi anglashimiz kerakki, korrupsiya — bu faqat jinoyat emas, balki jamiyatning ildiziga zomin bo‘luvchi jiddiy xavf.
Korrupsiya davlat organlariga nisbatan ishonchni yo‘qotadi, tizimda adolat va tenglik tamoyillariga putur yetkazadi, aholining hayot sifatiga bevosita ta’sir etadi.
Ayniqsa, suv kabi strategik va hayotiy resursni boshqarishda korrupsiyaning mavjudligi katta va tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek:
“Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiyadir. Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi.”
Ammo afsuski, suv resurslaridan foydalanish sohasida ham ayrim salbiy holatlar — korrupsiya, byurokratiya, manfaatparastlik kabi illatlar yuzaga kelmoqda. Bu illat nafaqat tizimni yemiradi, balki xalqimiz ishonchini, fidoyi mutaxassislarning mehnatiga bo‘lgan e’tirofni ham zaiflashtiradi.
Suv xo‘jaligi sohasi jamiyat va iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida, o‘z faoliyatida mutlaqo shaffof, halol va samarali bo‘lishi shart!
Shu maqsadda, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, mamlakatimizda bu illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, korrupsiya xavflarini barvaqt aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, sohada inson omilini qisqartirish va raqamlashtirish, shuningdek, xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitish va ularning malakasini oshirish, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — bu faqat nazorat organlarining vazifasi emas. Bu har birimiz – rahbarmi, muhandismi, mutaxassis yoki mirobmi – hammaning shaxsiy burchi va mas’uliyati!
Halollik – bu har bir suv xo‘jaligi tizimi xodimining “tashrif qog‘ozi” bo‘lmog‘i lozim. Fidoyi, halol va o‘z vazifasiga vijdonan yondashadigan insonlar bor joyda tizim barqaror, natija samarali va eng muhimi xalq rozi bo‘ladi.
Bunda vatanparvarlik, sodiqlik va mas’uliyatni faoliyatning asosiy tamoyiliga aylantirgan holda, vazirlik tizimidagi har bir xodim jamoamiz oldiga qo‘yilgan vazifalarni vijdonan, xolis va yuqori saviyada amalga oshirishi lozim!
E’tiboringiz uchun rahmat!
