SUG‘ORISH MAVSUMINING ENG MUHIM PALLASI – BEFARQ BO‘LISH MUMKIN EMAS
2025-07-08 18:45:00 / Yangiliklar

Yozning issig‘i “yondirayotgan” shu kunlarda respublikamizning hamma hududlarida suvga talab yuqori. Suv resurslari cheklangan, buning ustiga yil sayin kamayib borayotgan bir sharoitda mavjud resurslarni to‘g‘ri taqsimlab, aniq hisob-kitob bilan iste’molchiga yetkazib berish har qachongidan ham muhim masalaga aylangan.
Albatta, har qanday tizimda ham ish jarayonida savollar, tushunmovchiliklar bo‘lishi tabiiy. Yozgi sug‘orish mavsumida suv ta’minotida muammo yuzaga kelgan fermerlar, tomorqa egalari va boshqa suv iste’molchilari murojaat qilishi uchun Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida 24/7 rejimida “Call-markaz” (tel.: 71-202-48-00) ishlab turibdi.
Murojaatlar bir kundan oshmagan muddatda hal etiladi. Shu bilan birga, iste’molchilar 71-202-48-00 raqamli telefon orqali murojaatlarni Vazirlik huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish agentligiga yo‘llash mumkin.
Bugun Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida soha oldida dolzarb bo‘lib turgan 4 ta muhim masala muhokama qilindi. Yig‘ilishni Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev olib bordi.
Korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov. Bu illatga qarshi kurashish bir martalik, bir oylik tadbir emas, balki doimiy jarayondir.
Yig‘ilishda dastlab korrupsiyaga qarshi kurash va komplaens nazorat yo‘nalishida 2025-yil yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, kelgusi vazifalar muhokama qilindi. Vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifa hamda topshiriqlar ijrosini ta’minlashda ayrim xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi.
Ichki idoraviy hujjatlardagi korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish yuzasidan belgilangan talab hamda mexanizmlar ijrosini samarali ta’minlash, tizimda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini barvaqt aniqlash va bartaraf etish, xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ravishda o‘qitish hamda malakasini oshirib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, byudjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishining oldi olish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Bugungi kunda yerlarni sug‘orishga davlat byudjeti hisobidan 1 ming 700 ga yaqin nasos stansiya ishlatilmoqda. Ularga bir yilda 7 mlrd kVt/soat elektr energiyasi sarflanadi.
2025-yilda vazirlik tizimidagi nasos stansiyalarda xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan 150 ta nasos va 166 ta elektrodvigatellarni yangilash rejalashtirilgan bo‘lib, yanvar-iyun oylari davomida amalda 157 ta (105%) nasos va 161 ta (97%) elektrodvigatellar xarid qilingan va o‘rnatilgan.
1 443 ta (145%) yorug‘lik diod lampalar, 165 ta (141%) kondensator qurilmalari, 135 ta (130%) chastota o‘zgartiruvchi (plavnыy pusk) qurilmalar, 752 kVt (167%) quyosh fotoelektr panellari, 27 ta (100%) (5 400 litr) quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatilgan.
Mazkur ishlar natijasida birinchi yarim yillikda tasdiqlangan limitga nisbatan 304,3 mln kVt/soat elektr energiyasi tejaldi.
Yig‘ilishda Buxoro nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi, Surxondaryo nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi va Amu-Buxoro magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi yanvar-iyul oylarida ajratilgan elektr energiya limitiga nisbatan elektr energiyasini ortiqcha ishlatilishiga yo‘l qo‘ygani tanqid qilindi.
2025-yilda rejalashtirilgan 12 ta nasos stansiyasini energiya auditdan o‘tkazish, energiya tejamkor qurilmalardan samarali foydalanish, nasos stansiyalarni bir xil rejimda ishlatish hamda biriktirilgan ekin maydonlarida agrotexnik tadbirlar amalga oshirilishi hisobiga elektr energiyasini tejash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sheriklikka berilgan ob’ektlarga investitsiya kiritilishi tahlil qilindi, joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalarning holati ko‘rib chiqildi.
DXSh asosida xususiy sektor boshqaruviga berish rejalashtirilgan ob’ektlardan Andijon viloyatida 47 tasiga, Farg‘ona viloyatida 24 tasiga moliyaviy xulosalar olinmagani tanqid qilindi.
Moliyaviy xulosalar olishni tezlashtirish, xulosa olingan loyihalarni e’lon qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ayni kunlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish eng qizg‘in pallaga kirgan. Vazirlikning o‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan apparat yig‘ilishida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha “Dolzarb 10 kunlik” e’lon qilingan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi yarim yillikda respublika bo‘yicha jami 198,6 ming gektar maydonda (lazer tekislash ishlaridan tashqari) suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Shundan tomchilatib sug‘orish 87,1 ming gektar (100 foiz), yomg‘irlatib sug‘orish 28,7 ming gektar (81 foiz) va diskret sug‘orish 6,6 ming gektar (24 foiz)ga to‘g‘ri keladi.
Yig‘ilishda “Dolzarb 10 kunlik” e’lon qilinganidan so‘ng o‘tgan bir hafda davomida respublika bo‘yicha 7,7 ming gektarda tomchilatib va 380 gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari ishga tushirilgani, 215 komplekt egiluvchan quvurlar xarid qilinib, 1,1 ming gektarda egatga plyonka to‘shab sug‘orish ishlari yo‘lga qo‘yilgani aytib o‘tildi.
Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha Navoiy va Toshkent viloyatlarida ishlar sust ekanligi tanqid qilindi. Shuningdek, diskret sug‘orish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida, egiluvchan quvurlarni xarid qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida, egatga plyonka to‘shab sug‘orish bo‘yicha Toshkent viloyatida ishlar talab darajasida emasligi ta’kidlandi.
Qorao‘zak, Bo‘ston, Qo‘rg‘ontepa, Qarshi, Muborak va Chiroqchi tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM rahbarlariga hayfsan e’lon qilindi.
Videoselektor yig‘ilishida vazir o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Axborot xizmati





