RASMIY MUNOSABAT
2025-06-30 17:35:00 / Yangiliklar

Ohangaron daryosi Chotqol va Qurama tog‘ tizmalaridan oqib tushadigan soylardan hosil bo‘ladi. Uzunligi 236 km bo‘lib, havzasining maydoni 7710 km2 ni tashkil etadi. Daryo qor va yomg‘ir suvlaridan to‘yinadi. Yillik o‘rtacha suv hajmi 650-700 mln. m3 ni tashkil etadi.
Ohangaron daryosining irmog‘i juda ko‘p bo‘lib, shulardan yiriklari: Boksuksoy, To‘g‘onboshsoy, Shovvozsoy, Arashon, Toshsoy, Dukentsoy, Qorabog‘soy, Oqchasoy, Novgarzonsoy, Jigiristonsoy, Qayrag‘ochsoy, Beshsoy, Nishboshsoy, Obyazsoy, Gushsoy, Ertoshsoy, Solbuloq soylaridir.
Daryoning yuqori qismida 1972-yilda “Ohangaron” suv ombori va o‘rta qismida 1964-yilda “Toshkent” suv ombori qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Ushbu daryo orqali viloyatning Ohangaron, Piskent, O‘rta Chirchiq, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlaridagi 47 ming gektardan ziyod ekin maydonlari suv bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, Angren shahri aholisini ichimlik suvi bilan (yillik – 37,8 mln. m3) hamda Eski Angren (yillik – 47,3 mln. m3) va Yangi Angren (yillik – 42,5 mln. m3) issiqlik elektr stansiyalarini elektr energiyasi ishlab chiqish uchun doimiy suv bilan ta’minlaydi.
Joriy yilda respublikamiz bo‘yicha suv taqchilligi kuzatilayapti. Ohangaron daryosida ham 1 yanvardan buyon 267,2 mln. m3 suv shakllanib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 281,0 mln. m3 kam yoki o‘rtacha ko‘p yillikka nisbatan 308,4 mln. m3 kam suv keldi. Ko‘rinib turibdiki, daryoda o‘tgan yilga yoki o‘rtacha ko‘p yillika nisbatan 53–55% suv kam kelgan.
Shu bois, daryodan suv oluvchi 600 ortiq iste’molchilarga suv yetkazib berishda bir qator muammolar yuzaga kelmoqda. Jumladan, iste’molchilar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy suv olish holatlari hamda kanalga turli xildagi to‘siqlar qo‘yilib, suvning oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Iste’molchilarni suv bilan bir me’yorda ta’minlash maqsadida navbatlab sug‘orish asosida grafiklar ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Hozirda iste’molchilarga mazkur grafiklar asosida suv yetkazib berilmoqda.
Ohangaron tumanidagi “Yalpoqtepa” kanaliga ham grafik asosida suv yetkazib berilmoqda. Grafik asosida suvni yetkazib berish vaqtida iste’molchilar tomonidan kanaldan noqonuniy suv olish holatlari kuzatilmoqda. Mazkur holatlarni bartaraf etish uchun suv xo‘jaligi xodimlari va viloyat “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasining viloyat boshqarmasi inspektorlari birgalikda ish olib borishmoqda. Ushbu holatlar takroran amalga oshirilsa keskin choralar ko‘rish bo‘yicha ogohlantirish xatlari berildi.
Grafik asosida kanalga suv berilganda, kanalning oxiridan boshlab suv taqsimlash amalga oshiriladi. Sug‘orish ishlarini tashkil etish uchun viloyatdagi har bir tumanda guruhlar tashkil etilib, 560 nafardan ortiq suv xo‘jaligi xodimlari, 370 nafardan ortiq nasos stansiyalari va energetika tashkiloti xodimlari hamda 28 nafar suv nazorat inspektorlari jalb etilgan.
Ma’lumot uchun shuni aytish kerakki, suv tanqisligi sharoitida viloyat bo‘yicha jami 138 ming 500 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalari joriy etilib, shundan 43 ming 300 gektar tomchilatib, 11 ming 900 gektarda yomg‘irlatib, 15 ming 600 ga egiluvchan quvur yordamida sug‘orish ishlari tashkil etilgan. 58 ming 900 gektar ekin maydonlar lazerli tekislagich yordamida tekislangan.
“Kun.uz” saytidagi maqoladan so‘ng, Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.To‘xtamishev, Ohangaron tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori A.Aliqulov, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Toshkent viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i U.Karimov, bosh mutaxassis I.Quttiboyevlardan iborat ishchi guruhi hududdagi “Begzod Sherzod Faxri” fermer xo‘jaligi rahbari B.Igamberdiyev, “Ulug‘-Nur” fermer xo‘jaligi rahbari U.Komilov ishtirokida o‘rganish olib bordi.
Bugungi kunda “Yalpoqtepa” kanalida o‘zboshimchalik bilan qo‘yilgan to‘siqlar olib tashlandi, shuningdek, kanalni loyqa bosgan qismlarini tozalash uchun ekskavator ajratildi.
Ohangaron tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM ishchi-xodimlari kanal bo‘ylab nazorat qilib, murojaatda keltirilgan hududlarga suv yetkazib berish choralarini ko‘rmoqda.
Axborot xizmati




