SUV XO‘JALIGI SOHASI XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI
2025-06-05 08:20:00 / Yangiliklar

Shu qutlug‘ kunlarda suvchilarimiz ayyomni munosib nishonlash barobarida el-yurtimizga ulug‘ ne’mat – obi hayotni uzluksiz yetkazib berishdek o‘zlarining savobli va xayrli amallarini davom ettirayotganliklari barchamizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Bizda “Qurbon hayiti” yoki “Kichik hayit” deb nomlanadigan kun diniy manbalarimizda “Iyd al-Adho” deb yuritiladi. “Iyd” so‘zi arab tilida “qayta-qayta takrorlanish”, “foyda-manfaat” ma’nolarini bildiradi. “AlAdho” esa “qurbonlik qilish”, degan ma’noni anglatadi. Qurbon hayiti bayrami zulhijja oyining o‘ninchi kunidan boshlanadi.
Ko‘hna tariximiz davomida yurtimizning ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallab, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini har tomonlama barqaror etib kelayotgan bu ulug‘ bayram barchaga muborak bo‘lsin!
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan suv resurslarini samarali boshqarish, sug‘orish tarmoqlarini betonlash, raqamlashtirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish, suv va elektr energiyasidan tejamli foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yil boshidan buyon mamlakatimizda davlat dasturi asosida 396 km kanallar betonlandi va rekonstruksiya qilindi. Xo‘jaliklararo 4 ming km kanallar, klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 18 ming km ichki sug‘orish tarmoqlari beton qoplamaga o‘tkazildi.
506 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 62 ming gektarda tomchilatib, 25 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.
Bu ishlarning amaliy natijasi sug‘orish mavsumida suv isrof bo‘lishining oldini olishda qanchalik sezilayotganini barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz.
O‘zaro ahil va inoq ko‘p ming sonli suvchilar jamoasi bir yoqadan bosh chiqarib Davlatimiz rahbari tomonidan oldimizga qo‘yilgan topshiriqlarni uddalashiga ishonaman.
Muqaddas Qur’oni karimning bir necha o‘rinlarida xayr-ehson, ezgulikning mukofoti faqat yaxshilik ekani alohida ta’kidlangan. “Diling – Allohda, qo‘ling – mehnatda bo‘lsin”, degan olijanob qoidaga amal qilib, kechayu kunduz tinim bilmasdan, yozning issig‘ida ham kuyib-pishib suv yoqalab yurgan suvchilarimizga, ularning yurt ravnaqi yo‘lidagi savobli ishlariga Yaratganning o‘zi ajru azim beradi, albatta.
Qurbon hayiti – ulug‘ bayram. Ushbu kunda yaqinlarni yo‘qlash, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘ hamkasblarni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan solih amallarni qilish maqsadga muvofiq.
Shu ma’noda, tizimdagi barcha tashkilotlar rahbarlarini suv xo‘jaligida ezgu an’anaga aylangan amallarimiz – bayram arafasida har bir xodimga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tarqatish, keksa va faxriy hamkasblarni yo‘qlash, ularning holidan xabar olish, muruvvat ko‘rsatish va ehson ulashish bo‘yicha tadbirlarni uyushqoqlik va yuqori saviyada tashkil etishga da’vat qilaman.
Fursatdan foydalanib, suv xo‘jaligi xodimlarini, ularning oila a’zolarini yana bir bor ulug‘ va muqaddas bayram – Iyd al-Adho bilan samimiy tabriklab, ularga mustahkam sog‘lik, farovonlik tilayman.
Barokatli va nurafshon kunlarda mehnatkash va oqko‘ngil xalqimizning barcha ezgu niyat va duolari ijobat bo‘lsin!
Jonajon Vatanimizni, aziz xalqimizni Yaratganning O‘zi panohida asrasin!
Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Xamrayev,
O‘zbekiston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vaziri
2025-yil, 5-iyun
