SHVEYSARIYA BILAN SUV SOHASIDA MINTAQAVIY HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA ANGLASHUV MEMORANDUMI IMZOLANDI
2025-05-27 12:35:00 / Yangiliklar

Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari O‘tkir Sheraliyev mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutladi. Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ko‘p yillik hamkorlik amaliy natijalar berayotganini e’tirof etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Shveysariya Konfederatsiyasining “Markaziy Osiyoda moviy tinchlik” tashabbusi doirasida suv sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Anglashuv Memorandumi ishlab chiqilgan.
Ushbu hujjat mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, suv resurslaridan barqaror foydalanish va transchegaraviy muloqotni mustahkamlashga qaratilgan.
“Moviy tinchlik” tashabbusi Shveysariya tomonidan 2010-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 2017-yildan boshlab Markaziy Osiyoda faoliyat olib bormoqda. Ushbu tashabbus suvni tinchlik, barqarorlik va mintaqaviy taraqqiyot omili sifatida ilgari suradi. U birgalikdagi tadqiqotlar, ma’lumot almashinuvi va ilmiy asoslangan siyosat ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlab, suv boshqaruvi sohasida shaffoflik va hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu loyiha mintaqaviy suv strategiyalarini shakllantirishda yoshlar, ayollar va jamoatchilikning ishtirokini rag‘batlantirish orqali ijtimoiy inklyuziyani ustuvor yo‘nalish sifatida belgilaydi.
“Markaziy Osiyoda moviy tinchlik” tashabbusi xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) tomonidan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Kristian Fruttiger memorandum O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish sohasidagi uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratishini ta’kidladi. Shu bilan birga, transchegaraviy suv muloqotini rivojlantirish, institutsional va texnik salohiyatni oshirish, mintaqaviy ishtirokchilar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini e’tirof etdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Shveysariya Konfederatsiyasining “Markaziy Osiyoda moviy tinchlik” tashabbusi doirasida suv sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Tadbirda Shveysariya Konfederatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy ishtirok etdi.
Mehmonlar “Suvchilar maktabi” faoliyati bilan ham tanishdilar.
Axborot xizmati





