TURKIYA ELCHISI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
2025-04-29 12:35:00 / Yangiliklar

O‘zbek va turk xalqlarini o‘zaro bog‘lab turuvchi ko‘p yillik umumiy rishtalar mavjudligini tariximiz, umumiy qadriyatlar, o‘xshash urf-odatlar va an’analar, yaqin til, madaniyat, yagona din va shu kabi jihatlarda ko‘rish mumkin.
Uchrashuvda ikki davlat Prezidentlarining do‘stona munosabatlari barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonlik mutaxassislar Turkiyaning suv xo‘jaligidagi yutuqlari, sohadagi o‘zgarishlar, islohotlardan xabardor.
Mamlakatimizda Agrobank bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Suvchilar maktabi”ning o‘quv kurslarida turkiyalik yetuk mutaxassislar faol qatnashib kelayapti. Shu bilan birga, Turkiya kompaniyalari suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, chet el investitsiyalarini o‘zlashtirish, konsalting yo‘nalishlarida ish olib bormoqda.
Suv xo‘jaligi vaziri Turkiyaning oliy o‘quv yurtlari, olimlari bilan ilmiy yo‘nalishlarda ham hamkorlikni mustahkamlash taklifini bildirdi.
Elchi janoblari taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, barcha yo‘nalishlarda aloqalarni mustahkamlash yo‘lida elchixona ko‘prik bo‘lishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
Axborot xizmati


