NAZARIY BILIMLAR, AMALIYOT VA MAHORAT UYG‘UNLASHGAN SEMINAR
2025-04-24 16:25:00 / Yangiliklar

Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi, “Qoradaryo-Maylisoy” ITB, Andijon, Baliqchi, Paxtaobod va Izboskan tumanidan suv xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislar hamda muhandis-gidrometrlar faol ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi – gidrometriya bo‘yicha asosiy tushunchalarni berish, gidrometriya sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish va amaliyotda tatbiq etish, suv hisobini aniq yuritishni o‘rgatishdan iborat bo‘ldi. Seminarning nazariy qismida gidropost turlari, ularning ishlash prinsiplari, suv sarfini o‘lchash masalalari tushuntirildi. Amaliy qismida gidrometriya poligonida gidropost turlarini amalda ko‘rsatish, ularga qo‘yilgan talablarni tushuntirish, attestatsiyadan o‘tkazish, reykaning “nol” sathini nivelir yordamida aniqlash, texnik pasportlarni rasmiylashtirish hamda uchinchi qismida kanalda suv safrini 3 xil turdagi suv o‘lchash asboblari yordamida o‘lchab namoyish qilib berildi.
Tadbir doirasida gidropost turlari va ularning ishlash prinsiplari, suv o‘lchash, suv o‘lchash jarayonlaridagi aniqlik va samaradorlikni oshirish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, “mahorat darslari”da 3 xil suv o‘lchash asbobida kanaldagi suv sarfi o‘lchanib, namoyish qilindi. Bunda GR-21M, MGG/KL-DCB rusumdagi Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan gidrometrik vertushka hamda zamonaviy “Dopler” uskunasida o‘lchangan suv sarflari natijalari bir-biriga taqqoslanib, xatoliklar hisob-kitob qilindi. Suv o‘lchash natijalari asosida gidropostning suv sarfi jadvaliga tuzatishlar kiritish tushuntirib berildi. Tadbir qatnashchilari bu usullarning afzalliklari, amaliy ahamiyati va qo‘llash imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Seminar davomida qatnashchilar Andijonda tashkil qilingan “Gidrometriya dala poligoni”da bo‘lib, gidropostlarni attestatsiyadan o‘tkazish, xarakterli nuqtalardan nivelir yordamida geodezik belgilari – otmetkalar olish, reykaning "nol" nuqtadagi sathini tekshirish kabi muhim jarayonlar bilan yaqindan tanishdilar. Shu bilan birga, gidropostning texnik pasportlarini to‘g‘ri to‘ldirish, rasmiylashtirish, suv sarfi jadvallariga zarur tuzatishlar kiritish, turli xildagi gidropostlarning ishlash prinsiplari va texnik xarakteristikalari batafsil o‘rganildi.
Seminarning yana bir muhim jihati shundaki, nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Qatnashchilar har bir jarayonni o‘z qo‘llari bilan bajarish imkoniga ega bo‘ldilar. Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Ergashev tomonidan har bir ish jarayoni ustida o‘rnakli ko‘rsatmalar, jonli misollar berilib, yo‘l qo‘yilayotgan xatolar va ularga berilgan ijodiy yechimlar, shubhasiz, ishtirokchilarning xotirasida muhrlanib qoldi.
Bu galgi tadbir o‘zining mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati va o‘ziga xos ruhi bilan alohida e’tiborga molik bo‘ldi. Seminarda faoliyat yuritib kelayotgan tajribali mutaxassislar bilan bir qatorda, yosh shogirdlar, gidropostlarda yaqinda ish boshlagan kadrlar ham ishtirok etishdi. Bu esa tadbirni nafaqat o‘quv-amaliy, balki an’anaviy va ma’naviy tarbiyaviy ahamiyatga ega voqeaga aylantirdi.
Seminar yakunida qatnashchilar o‘z tashkilotlarida olingan bilim va tajribani jamoaga yetkazish, yosh kadrlarga o‘rgatish, gidrouchastkalarda ham ana shunday amaliy ishlar olib borish bo‘yicha aniq ko‘rsatma va vazifalarni oldilar. Tadbir ishtirokchilar uchun nafaqat bilim, balki ilmiy-nazariy va amaliy yechimlarni taqdim etgan foydali platformaga aylandi. Shubhasiz, bunday seminarlar suv resurslarini tejamkorlik bilan boshqarish, ulardan samarali foydalanish hamda gidrometriya sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Seminar yakunida qatnashchilar olgan bilim va ko‘nikmalarni ish jarayonlariga tatbiq etish, mavjud gidropostlarda aniqlik va samaradorlikni oshirish yuzasidan o‘z reja va fikrlarini bayon etishdi. Ko‘pchilik ishtirokchilar, ayniqsa, yoshlar bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish taklifi bilan chiqdilar.
Norin-Qoradaryo ITHB matbuot xizmati





