VODIYLIKLAR BETONLASHTIRILGAN ARIQLARDAN ELEKTR ENERGIYASI OLMOQDA
2025-04-24 14:20:00 / Yangiliklar

Suv tiriklik, rizq-ro‘z, farovonlik manbai sifatida qadrlanadi. Ota-bobolarimiz undan maqsadli foydalanish, isrof va iflos qilmaslikka chorlagan. “Suvga tupurma, chiqindi tashlama, suv “ko‘zi”ni to‘sma” kabi pand-nasihatlar orqali uni asrash, tejash, maqsadli foydalanishga undagan. Ayniqsa, ariqlarning tozaligi, suvning bir maromda oqib turishiga alohida e’tibor qaratgan.
Bir paytlar suv kuchi yordamida ulkan tegirmon toshini gir aylantirib, don-dun yanchish buyuk kashfiyot sifatida baholangan. Endi zamonaviy gidroinshootlar qurish, yashil elektr energiyasi olish imkoniyati yaratildi. Ana shu maqsadda kanallar, suv yo‘llari ta’mirlanib, betonlashtirilyapti. Buning hisobiga ariqlardagi suv oqimi tezlashib, kichik GESlar qurish, elektr energiyasi olish usullari ommalashdi. Mazkur chora ortiqcha mablag‘, ishchi kuchi va yer osti boyliklarisiz muqobil energiya olish imkonini beradi.
Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifi doirasida bu muhim masalaga alohida e’tibor qaratib, izboskanlik tadbirkor tomonidan ishga tushirilgan, quvvati 3,2 megavattli kichik GES yiliga 8 million kilovatt soat elektr energiyasi berayotgani, bu tuman aholisi iste’molining 20 foizini qoplashini e’tirof etdi. Bu bejiz emas, albatta.
Namunali loyiha viloyatning suv oqimi yuqori bo‘lgan ariq va kanallarida joriy etilsa, 75 megavatt quvvatga ega kichik GESlar qurish imkoniyati vujudga keladi. Bu yil Andijon viloyatida quvvati 24 megavattli, keyingi yilda yana 20 megavattli jami 763 ta kichik GES ishga tushirilishi hisobiga 38 ming xonadon uzluksiz elektr bilan ta’minlanib, viloyatning elektr importi 10 foiz qisqaradi.
Bundan 7-8 yil avval bunday istiqbolli loyihalar haqida o‘ylash, gapirish, mulohaza, mushohada yuritish xomxayol edi. Mavjud resurslar faqat ekinzorlarni sug‘orishga xizmat qilgan. Endi bu boradagi qarashlar, fikrlar o‘zgardi. Suv o‘zanlari muqobil, arzon va sifatli elektr energiyasi manbasi sifati xalq xo‘jaligi, aholi manfaati yo‘lida xizmat qilayotgan muhim tarmoqqa aylandi. Hayotbaxsh islohotlar odamlar og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilyapti.
Farg‘ona tumanining chekka hududi bo‘lgan Shohimardon qishlog‘idagi Ko‘ksuv soyida 2,2 megavattli va Yuqori Vodil qishlog‘ida 430 kilovattli kichik GES barpo etilib, yaqin mahallalardagi aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlab kelyapti. GES qurilishi hududlarga obodlik, odamlar ko‘ngliga yorug‘lik olib kirdi. Kichik GES yiliga 13 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Natijada yiliga 3,5 million kub metr tabiiy gaz sarfining oldini oladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Shohimardon qishlog‘idagi 1100 fuqaro va 43 ulgurji iste’molchi tomonidan 9,8 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlatilgan. Iste’moldan ortgan yillik 3,2 million kilovatt soat elektr energiyasi qo‘shni respublikaga eksport qilindi.
– Kichik GES ishga tushirilgani iqtisodiy samara keltirish bilan birga, sayyohlik infratuzilmalarining rivojlanishiga ham xizmat qilyapti, – deydi “Shohimardon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ikromjon Abduxoliqov. – Bundan tashqari, yangi ish o‘rinlari ochilib, yoshlarning bandligi ta’minlangani ham bizni quvontiradi. Qishlog‘imiz qoq o‘rtasidan o‘tgan suv asrlar davomida shovullab oqib turgan. Ammo undan maqsadli foydalanish, elektr energiyasi olish, odamlar koriga ishlatish uchun hech qanday loyiha amalga oshirilmagan. Endi hammasi mutlaqo boshqacha. Suvdan samarali foydalanish, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslar qishlog‘imizga yangi hayot, ko‘tarinkilik olib keldi. Qishlog‘imizda endi chiroq o‘chmaydi.
Yuqori Vodil mahallasidagi kichik GESda yiliga o‘rtacha 2,17 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi hisobiga 615 ming metr kub tabiiy gaz sarfining oldi olindi. Yangi tarmoq elektr ta’minoti og‘ir bo‘lgan hudud aholisini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tog‘larning o‘ynoqi jilg‘alari birlashib, sharqirab oqadigan soy va daryolarga aylanadi. Ularning kuchli oqimi esa yangi gidroinshootlar qurish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Quva tumanidagi Tolmozor qishlog‘i Karkidon suv omborining quyi qismida joylashgan. Suv ombori qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 1967 yili qurib bitkazilgan bo‘lib, unga suv Isfayramsoy va Janubiy Farg‘ona kanalidan oqib kelib quyiladi. Inshootdagi to‘liq suv hajmi 216 million metr kub. Suv ombori atrofida 1,6 ming gektar o‘zlashtirilmagan adirlik bor.
Prezidentimiz o‘tgan yili Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur suv ombori atrofidagi 250 gektar maydonda ekoturizm majmuasi, 100 dan ziyod dam olish, savdo-servis, ko‘ngilochar maskanlar, zamonaviy mehmonxona barpo etish borasida ishga solinmagan imkoniyatlar borligi, undan maqsadli foydalanish yuzasidan kerakli ko‘rsatmalar bergandi. Bugun bu yerga kelgan kishi “Yashil belbog‘” yaratish, ekoturizm, gastronomik turizm tarmoqlari barpo etish borasidagi bunyodkorlik ishlarining guvohi bo‘ladi.
Karkidon suv omborining quyi qismidan oqib o‘tgan suv o‘zani zamonaviy andozlar asoosida ta’mirlanib, betonlashtirilayotgani isrofgarchiliklarning oldini olish bilan birga, energiya gidroinshootlarini qurish imkoniyatini kengaytirdi.
Bu yerda soatiga 120 kilovat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 5 ta kichik gidroelektr stansiyasi qurilishi poyoniga yetdi. Mutaxassislar suv tarmoqlari chetini betonlash hisobiga suv oqimini yanada tezlashtirdi. Aytishlaricha, bir suv oqimi olti marta elektr energiyasi hosil qilish imkonini berar ekan. Yangi loyiha bir vaqtning o‘zida 250 dan ortiq xonadon va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarini arzon elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Charxpalak ko‘rinishidagi qurilma o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Gidroelektr stansiyasi suv sathiga mos holda generatorni harakatlantirib, elektr energiyasi ishlab chiqarib beradi. Ya’ni suv miqdori kamaysa ham bir me’yorda faoliyat yurita oladi.
– Mahallamiz hududidan oqib o‘tgan suvdan shu kunga qadar faqat ekinzorlarni sug‘orishda foydalanganmiz, xolos, – deydi MFY raisi Fazliddin Raimjonov. – Endi undan muqobil elektr energiyasi olyapmiz. Bu juda katta imkoniyat, qulaylik. Qishlog‘imizdagi suv o‘zanining umumiy uzunligi 5 kilometrdan ortiq. Bu yana o‘nlab mana shunday kichik quvvatli gidroelektr stansiyalari qurish, qo‘shimcha elektr olish imkonini beradi. Ayni kunda 1040 xonadon, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlash, qurilmalarning imkoniyati, iqtisodiy samaradorligi yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boryapmiz.
Karkidon suv ombori hududidagi soylar, dam olish maskanlaridagi suv havzalarining imkoniyatini o‘rgangan holda 10 ta mikro GES qurish borasida ishlar davom ettirilyapti. Hozirga qadar kunlik quvvati 2400 kilovattli kichik GESlar qurilishi yakunlandi. Bu bir vaqtning o‘zida 480 ta xonadonni muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Bir yilda 216 ming kub metr tabiiy gazni tejash ga xizmat qiladi. Mazkur miqdor tuman hududidan oqib o‘tgan boshqa soy va kanallarga nisbat qilinsa, kichik GESning katta imkoniyatini chamalab olish qiyin emas. Oddiy qilib aytganda, bir oqim bo‘yicha yuqoridan pastga harakatlanib kelayotgan suv sarfidan qayta-qayta foydalanib, ekologik toza energiya olinadi.
– Quva tumani hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanalida charxpalak tipidagi mikro GES – “200 kilovatt Quva–1” loyihasi ishlab chiqilib, uning fundament ishlari yakunlandi, – deydi Farg‘ona davlat texnika universiteti doktoranti Doniyorjon Botirov. – Mazkur loyiha orqali yiliga 43 ming 200 kilovatt soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Oltiariq tumani hududida esa Malayziya huqukumati investitsiyasi hisobiga quvvati 150 kilovatt soat bo‘lgan mikro GES qurilishi boshlandi.
Soy va kanallarda charxpalak ko‘rinishidagi kichik gidroelektr stansiyalari qurish orqali muqobil elektr energiyasi olish tajribasi Farg‘ona viloyatidagi boshqa shahar va tumanlarda ham ommalashyapti. Xususan, Yozyovon tumani hududidan oqib o‘tgan Katta Andijon hamda Katta Farg‘ona kanallarining Xonobod irmog‘i hamda Yozyovonsoy tashlamasida quvvati 340 kilovattli 10 ta kichik GES qurilishi bo‘yicha loyiha amalga oshirilyapti. Bu inshootlar qurilishi natijasida soatiga 340 kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bir oyda o‘rtacha 183 ming, bir yilda 2 million 203 ming kilovatt soat qo‘shimcha elektr energiyasi olish imkoniyati vujudga keladi.
Farg‘ona davlat texnika universiteti olimlari germaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda soy va kanallarga quvvati 3 kilovattdan 100 kilovatt soatgacha bo‘lgan mikro GESlarning yangi konstruksiyalarini loyihalash, tayyorlash, qurib o‘rnatish va tajriba-sinov o‘tkazish, tijoriylashtirish borasida amaliy ishlar qilinmoqda. “Texnopark” va “Mikro GESlarni loyihalash” markazi tashkil etilgan. Shu kunga qadar quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi ilk mikro GES Marhamat tumanidagi “Rohat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ishga tushirilib, 240 ta xonadon muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlandi.
– Viloyatimizda muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish orqali iste’molchilarning elektr energiyasiga ehtiyojini ta’minlash borasida katta imkoniyat bor, – deydi Farg‘ona davlat texnika universiteti professori, texnika fanlari doktori Sirojiddin Ergashev. – Bugun quvvati 3 kilovattdan 500 kilovattgacha bo‘lgan yangi avlod turbinali mikro GESlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Birinchi bosqichda viloyatimiz hududidan o‘tgan Katta Farg‘ona va Janubiy Farg‘ona kanallari, Andijon kanali va tarmoqlariga (suv oqimining talab qilingan parametrlariga ega) o‘rtacha quvvati 50 kilovattli 230 ta mikro GES qurish mumkinligi aniqlandi. Ularning o‘rtacha yillik ish soati 8000 bo‘lsa, ishlab chiqargan elektr energiyasi quvvati 92 million kilovatt soatni tashkil etadi. Bu viloyat bo‘yicha bir yilda sarflanadigan elektr energiyasining ikki foizini iqtisod qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, Germaniyaning gidroagregat ishlab chiqaruvchi “WASSERKRAFT VOLK AG” hamda “NEXTGEN SOLUTIONS” konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda Quva va Farg‘ona tumanlarida mikro GESlar va 200 kilovatt soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yangi turbogenerator tipidagi gidroagregatlar tayyorlash borasida ishlayapmiz.
Olimlarning amaliy izlanishi tufayli muqobil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi shamol agregatlari, quyosh panellari, quyosh issiqlik tizimlarining tajriba nusxalari yaratildi. Hozir kichik oqimli daryo va kanallarga charxpalak tipidagi gidroinshootlar yordamida elektr energiyasi olish bo‘yicha sakkizta loyiha muvaffaqiyatli ishlab turibdi.
Suv yo‘qotilishini kamaytirish maqsadida kanallarni betonlash dasturi suv oqimini tezlashtirish hisobiga kichik GESlar qurish imkoniyatini yanada kengaytirmoqda.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
(“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 24-apreldagi 83(1409)-sonidan olindi).



