“SIZ ISHGA QABUL QILINDINGIZ”
2025-04-21 19:10:00 / Yangiliklar

Hammamiz ham yosh bo‘lganmiz.
Biz, ayniqsa, talabalik davrida olov edik.
Olov bo‘lsak ham, ertangi kunimiz qanday bo‘lishini, o‘qishni bitirgach qaerda, kim bo‘lib ishlashimizni aniq tasavvur eta olmasdik.
Ish beruvchi bilan talabalar o‘rtasida muloqot o‘tgan asrning 90-yillarida yo‘q edi.
Shu ma’noda, bugun irrigatsiya universitetining bitiruvchi talabalariga havasim keldi.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraуev “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining 4-bosqich talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida universitet rektori Bahodir Mirzaуev Suv xo‘jaligi vaziri yil boshidan buyon mazkur ta’lim dargohiga oltinchi marotaba tashrif buyurganini aytib o‘tdi. Bu vazirlik va universitet o‘rtasidagi rishtalar qanchalar mustahkamligini, rivojlanayotganligini anglatadi.
Shu kunlarda Vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlarida 21 nafar bitiruvchilar stajirovkani, 460 nafardan ziyod talabalar bitiruv oldi amaliyotini o‘tayotgani hamkorlik aloqalari nechog‘lik ekanining yaqqol tasdig‘idir.
Uchrashuvda Vazir hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoуev boshchiligida so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni davlat xizmatiga jalb qilish hamda ular uchun shart-sharoit yaratib berish, ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi.
Har yili suv xo‘jaligi tashkilotlariga 500 nafardan ziyod yoshlarni ishga olish hisobiga tizimdagi mutaxassislar tarkibi ancha yosharib, rahbar lavozimidagilar orasida ham yoshlarning salmog‘i ortdi.
Hozir tizimda yoshlar 4 922 nafarni tashkil qiladi. Ularning 3 498 nafari oliy ma’lumotli. Yoshlar orasida rahbar lavozimlarda ishlayotganlar soni esa 314 nafarga yetdi.
Vazir bu yil sohada 1000 nafar yoshni ishga olishga imkoniyat borligini, bitiruvchilarning barchasi uchun ish o‘rni kafolatganligini ta’kidladi.
So‘zga chiqqan talabalar Vazir bilan oldingi uchrashuvlarda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar inobatga olinib, amalga tatbiq etilgani uchun minnatdorlik bildirishdi.
Talabalarning vazirlikda stajirovka o‘tashini yo‘lga qo‘yilishi, “Suv xo‘jaligi vaziri stipendiyasi”ning ta’sis etilishi aynan yoshlarning tashabbuslari bilan amalga oshdi.
Ochiq muloqotda Gidromelioratsiya fakulteti talabalari Diyorbek Ashurov, Sohiba Mamatqulova, Javohir Umarov, Gidrotexnika qurilishi fakulteti talabasi Sanjar Qobilov va boshqalar so‘zga chiqdi.
Videokonferensiya orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, ularning tizim tashkilotlarida bitiruv oldi amaliyotini o‘tayotgan talabalar ham muloqotda qatnashdi.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Mulkush” kanalini betonlashga hissa qo‘shayotganini faxrlanib gapirib bergan Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish ta’lim yo‘nalishini bitirayotgan Elbek Shafoatovga qarata Vazir “Siz ishga qabul qilindingiz” deb aytgan gaplarini ishtirokchilarning barchasi gulduros qarsaklar bilan olqishladi.
Suvchilar – xalqimizga munosib xizmat qilishni yuksak maqsad qilib qo‘ygan ezgu niyatli ulkan oila.
Uchrashuv yakunida Vazir yoshlarni suvchilar oilasiga taklif qilar ekan, o‘zining halol mehnati bilan yurtimiz obodligiga hissa qo‘shmoqchi bo‘lganlarni ishga olish va qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.
Shuhrat Suyunov,
matbuot kotibi





