AFG‘ONISTON DELEGATSIYASI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
2025-04-13 13:05:00 / Yangiliklar

Kecha Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Vazir mehmonlarni yurtimizda tashrifi bilan qutladi. Keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi.
Yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston Prezidenti hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Afg‘onistonni tinch rivojlantirish masalalarida siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish kerakligi haqida aytgan fikrlarini keltirib o‘tdi.
Xususan, Prezidentimiz “Afg‘on tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yo‘li bilan faol jalb etish zarur, deb hisoblaymiz. Qabul qilingan majburiyatlarni bajarish uchun xalqaro hamjamiyatning amaldagi afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish muhimligini tushunishi va qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz”, - deya ta’kidladilar.
Afg‘on Islom Respublikasining Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Otaulloh Umariy samimiy va do‘stona qabul uchun minnatdorlik bildirdi. O‘tmishi, tarixiy qadriyatlari, daryosi mushtarak ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik bardavom bo‘lishidan Afg‘onistonning hozirgi hukumati va albatta afg‘on xalqi manfaatdor ekanligini e’tirof etdi.
- O‘zbekistonning irrigatsiya inshootlarini qurish va ulardan foydalanish, suvning hisobini yuritish, samarali boshqarish bo‘yicha boy tajribasini o‘rganishimiz zarur, - dedi Otaulloh Umariy.
Uchrashuvda Amudaryo suvidan oqilona foydalanish, afg‘on dehqonlarini O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalar yo‘nalishida o‘qitish, hamkorlik masalalarini doimiy o‘rganib, yangi loyihalarni amalga tatbiq etish uchun qo‘shma ishchi guruhini tuzish, uning faoliyati uchun har ikki tomondan ham sharoit yaratib berish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiyaning yurtimizga tashrifi davom etmoqda.
Axborot xizmati



