QONUN LOYIHALARINI KO‘RIB CHIQISH TARTIBI TAKOMILLASHTIRILADI
2025-04-11 14:15:00 / Yangiliklar

Mazkur Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi hamda “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga qonun loyihasini parlamentga kiritishda qonun loyihasining va xalqaro shartnoma loyihasining (matnining) o‘tkazilgan huquqiy ekspertizasi natijalarini, shuningdek qonun loyihasining korrupsiyaga karshi ekspertizasi va u bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi natijalarini taqdim etish to‘g‘risidagi talabning belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan endilikda qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga o‘zi kiritgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilinguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taklif kiritish orqali uni chaqirib olish huquqini berishning xuquqiy asosi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistan Respublikasining 2021-yil 20-aprelda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasi quyidagi mazmundagi ikkinchi qism, ya’ni “Eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishdan oldin uning tayyorlanishi haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtiriladi hamda jamoatchilik muhokamalari ishtirokchilaridan kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar inobatga olingan holda normativ-xuquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi” shaklida to‘ldirilmoqda.
Ushbu Qonun qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun ijodkorligi sohasidagi faoliyati sifatini oshirishga, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini mustahkamlashga xizmat kiladi.
Begzod Rajabov,
Yuridik bo‘lim yetakchi yuriskonsulti
Hujjat matni bilan tanishish.
