SUV DIPLOMATIYASI
2025-04-10 12:45:00 / Yangiliklar

Bugun universitetda “Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasi: barqaror rivojlanish yo‘lida ishonch, muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
– Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi mintaqadagi barcha davlatlarning tenglik, o‘zaro tushunish, shaffoflik va har bir tomon manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan yaqin hamkorligi orqali amalga oshishi mumkin. Biz uchun suv diplomatiyasi nafaqat dolzarb muammolarni hal etish yo‘li, balki mintaqada tinchlik, xavfsizlik va farovonlikni mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyadir, – dedi Sh.Xamrayev. – Biz bunga tajriba almashish, innovatsion yechimlarni topish va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish platformasi sifatida qaraymiz.
Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ushbu jarayonlarda faol ishtirok etish, o‘z tashabbuslarini ilgari surish va hamkorlarning takliflarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Birgalikda harakat qilish orqali nafaqat mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tish, balki kelajak avlodlar farovonligi uchun mustahkam poydevor yaratish mumkin.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda o‘ndan ortiq mamlakatdan 100 dan ziyod ishtirokchilar, jumladan, Markaziy Osiyoning ikki yirik daryosi – Amudaryo va Sirdaryo havzalaridan foydalanuvchi mamlakatlar vakillari, Osiyo va Yevropa davlatlarining ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari ekspertlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Anjuman bugungi kunda Markaziy Osiyoda yaxshi amaliyotga aylangan, keng ko‘lamli va samarali mintaqaviy hamkorlik hamda inklyuziv muloqotning amaliy namunasi bo‘ldi.
Konserensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi va ularning savollariga javob qaytardi.
Axborot xizmati





