Amir Temur – buyuk davlat asoschisi
2025-04-09 14:00:00 / Yangiliklar

Sohibqiron bobomiz Amir Temur bizning zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk sarkarda, yirik markazlashgan davlat yaratuvchisi, ilm-fan va san’at himoyachisi, xalqparvar va adolatli hukmdordir.
Amir Temur nomini eshitganda ko‘z oldimda Shahrisabzdagi Oqsaroy gavdalanadi.
Bu inshoot 1380-1404-yillarda Amir Temurning onasi Takinaxotun xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan. Saroyni barpo etish davomida Xorazm, Eron va boshqa ko‘plab mamlakatlardan keltirilgan hunarmandlar ishtirok etgan. Jumladan, gumbazli arkni yasash va bezashda tosh kesuvchi usta Muhammad Yusuf Tabriziyning ishtiroki bo‘lgani gumbaz yozuvlarida saqlangan.
Oradan shuncha yillar o‘tgan bo‘lsa ham, Oqsaroy Amir Temur bunyodkorligining ramzi sifatida qo‘r to‘kib turibdi. Uning atrofidan ziyoratchilar, xorijlik sayyohlarning qadami uzilmaydi.
Sohibqiron bobomiz haqida so‘z ketganda Oqsaroydan so‘ng Amir Temurning 3 ta haykali ko‘z oldimda gavdalanadi. Birinchisi – Shahrisabzda, Oqsaroyning ro‘parasida. Unda Amir Temur siymosi tik turgan holda gavdalantirilgan. Samarqand shahrida o‘rnatilgan haykalida taxtda o‘tirgan holda, Toshkent shahridagi haykalida otga mingan holda tasvirlangan. Bular shunchaki tasodif emas, balki chuqur o‘ylangan va ramziy ma’noga ega. Ya’ni, Amir Temur Shahrisabzda tug‘ildi, kamol topdi, oyoqqa turdi, Samarqandda taxtga o‘tirdi, Toshkent orqali dunyoga chiqdi, sarhadlarini kengaytirdi.
Temur haqida bilish, anglash uchun Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi davlat muzeyini borib ko‘rish kerak. O‘z yurtini, uning tarixini sevgan har bir inson borishi shart bo‘lgan maskan bu yer. Muzeyda o‘sha davr ruhini aks ettiradigan eksponatlar, Amir Temur va uning avdodlari haqidagi qimmatli ma’lumotlar bor.
Amir Temur haqidagi eng nodir, qimmatli va asosli manba – bu uning “Temur tuzuklari” asaridir. “Temur tuzuklari” asari sohibqironning ichki olamini, dunyoqarashini, hayotdan olgan saboqlarini qanday talqin etganini, muhim qaror va xulosalarga kelishdan oldin u yoki bu muammoning eng to‘g‘ri yechimiga olib boruvchi omillarni to‘g‘ri belgilash qobiliyatini yaqqol namoyon etadi.
Misol uchun, Sohibqiron “Temur tuzuklari” asarida quyidagi fikrlarni bildirgan: “Oltinchi (tuzukim) – adolat va insof bilan Tangrimning yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm-shafqat bilan, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlarning ko‘nglidan joy oldim. Siyosat va insof bilan sipohlarimni, raiyatni umid va qo‘rqinch orasida tutib turdim. Fuqaro va qo‘l ostimdagilarga rahmdillik qildim, askarlarimga in’omlar ulashdim.”
Yoshlar ushbu jumlalarni mehr bilan o‘qib, mazmunini qalbiga jo qilsa adolat uchun kurashuvchi, unga rioya qiluvchiga aylanishi shubhasizdir. Har qanday masala adolat va insof bilan hal etilsa xalq albatta rozi bo‘ladi.
Amir Temurning harbiy strategiyalari, davlat boshqaruv tizimi va madaniy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Yangi O‘zbekiston o‘z tarixining buyuk siymolaridan o‘rnak olib, Temuriylar davrining buyukligidan ilhomlanib rivojlanmoqda.
Mohinur Normaxmatova,
Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 16-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi
