VOHADAGI YIRIK KANALNING HOLATI O‘RGANILDI
2025-04-07 15:00:00 / Yangiliklar

Kanalning PK-84+30 qismida joylashgan dyukerda «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan kanalga xizmat ko‘rsatuvchi barcha mutaxassislar, shuningdek, suv iste’molchilari vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Seminar mobaynida kanaldagi 5 ta nasos stansiyasi, 5 dona suv to‘suvchi inshoot, 82 dona suv o‘tkazish inshooti, bitta temir yo‘l ko‘prigi, 9 ta ko‘prik, 2 dona dyuker, 5 ta favqulodda suv tashlama inshootlarining holati atroflicha ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. O‘rganishlar jarayonida kanaldagi suv taqsimlovchi inshootlarning hammasi xatlovdan o‘tkazilgani, ta’mirtalab gidrotexnik inshootlar sozlanib, suv eroziyasiga qarshi bo‘yoqlangani, gidropostlar ham soz holatda ekanligi oydinlashdi.
Kanalning turli piketlarida o‘rnatilgan «Aqlli suv» qurilmalari ishlab turibdi va vazirlik serveriga ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Kuzgi-qishki tadbirlar doirasida kanalning PK-138+00 qismidagi yaroqsiz holga kelib qolgan 108 kvadrat metr beton qoplama olib tashlanib, qayta betonlashtirildi.
Seminarda kanalning bosh inshooti, suv beruvchi inshootlar hamda gidropostlarning texnik holatini doimiy nazorat qilib borish zarurligi ta’kidlandi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati


