AMUDARYO” VA “SIRDARYO” HAVZALARIDA 2025-YIL VEGETATSIYA MAVSUMIDA DAVLATLARNING SUV OLISH LIMITLARI TASDIQLANDI
2025-04-06 19:45:00 / Yangiliklar

Tadbir Samarqand iqlim konferensiyasi doirasida tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov, Turkmaniston Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi D.Gendjiyev, Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirligi vakillari, komissiyaning ijro etuvchi organlari hisoblangan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari, Ilmiy-axborot markazi va kotibiyat rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayev 2024-yil vegetatsiya va novegetatsiya mavsumlarini muvaffaqiyatli o‘tkazishda qo‘shgan hissasi uchun Komissiya tarkibiga kiruvchi barcha ijrochi tashkilotlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oqilona siyosati natijasida suv xo‘jaligi sohasida yangi imkoniyatlar yaratilayotganligini, bu o‘z o‘rnida o‘zaro manfaatlarni hisobga olishga asoslangan konstruktiv munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda mintaqada mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi Davlat rahbarlarining sammitlarida ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida hisobotlar eshitildi hamda kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalarida 2025-yil vegetatsiya mavsumida davlatlarning suv olish limitlari tasdiqlandi hamda suv omborlari kaskadlarining prognoz ishlash rejimi muhokama qilindi.
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining navbatdagi 90-yig‘ilishini 2025-yil avgust oyida Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida o‘tkazishga kelishildi.
Shuningdek, 2025-yilning may-iyun oylarida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan “Muzliklarni asrash” bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasi doirasida mintaqaviy forum tashkil etishga ko‘maklashish masalasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida tegishli bayonnoma imzolandi.
O‘zbekiston, shu bilan birga davlatlararo suv xo‘jaligini rivojlantirishga qo‘shgan yuksak hissasi uchun Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov, Turkmaniston Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi D.Gendjiyev, Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Orazbay "O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Axborot xizmati






