SAMARQANDDA SUV RESURSLARINI INTEGRATSIYALASHGAN HOLDA BOSHQARISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2025-04-05 17:55:00 / Yangiliklar

Muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev, Qozog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov, Turkmaniston suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi Durdi Gendjiyev, Tojikiston Respublikasi energetika va suv xo‘jaligi vazirligi, Qirg‘iz Respublikasi suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi vakillari, Irrigatsiya va drenaj bo‘yicha xalqaro komissiya (ICID) Bosh kotibi Gupta Rakesh Kumar, Osiyo suv kengashi (AWC) Bosh kotibi Cho Yong Deok, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda nizolarning oldini olish bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning mintaqaviy dastur direktori Karolina Milov, Xalqaro suv xo‘jaligi instituti (IWMI)ning mintaqaviy vakili Barbara Yanush-Pavletta va boshqa xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovini kengaytirish, sug‘orish infratuzilmalarini modernizatsiya qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar kelajak avlodlar uchun suv xavfsizligini ta’minlashda iqlim moslashuvi bilan mintaqaviy hamkorlikni uyg‘unlashtirgan holda suv resurslarini kompleks boshqarish strategiyalari yuzasidan fikr almashdilar.
Axborot xizmati



