Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish: KO‘RSATKICHLAR ORQADA QOLMOQDA
2025-04-04 15:35:00 / Yangiliklar

Topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yilda respublikamiz bo‘yicha jami 232 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hamda 268 ming gektar yerlarni lazer uskunasi yordamida tekislash rejalashtirilgan edi. Bu borada manzilli dasturlar shakllantirilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va barcha viloyat hokimliklari bilan kelishilgan holda tasdiqlangan.
Yanvar-mart oylarida 84,7 ming gektarda tomchilatib sug‘orish uchun
1,9 trln so‘m va 27,1 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi uchun 448 mlrd so‘m hamda 245 gektarda diskret sug‘orish texnologiyasi uchun esa
2,1 mlrd so‘m moliyalashtirish ishlari amalga oshirildi.
260 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari lazer uskunasi yordami tekislandi.
Holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish ko‘rsatkichlari rejadan ortda qolmoqda.
Misol uchun, g‘alla maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishni hududlar kesimida 4-aprel holatiga ko‘rib chiqaylik. Bu borada Xorazm viloyati eng past ko‘rkatkichni qayd etmoqda. Viloyatda joriy yil 1300 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orish rejalashtirilgan, shundan 805 gektari moliyalashtirilgan. Bugungi kunda 288 gektar maydonda qurilish yakunlangan. Ya’ni, ishlar rejaga nisbatan 22 foizga bajarilgan. Bu ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida 19 foiz, Samarqand viloyatida 18 foizni tashkil etmoqda.
Respublika bo‘yicha rejalashtirilgan 34 ming 384 gektar g‘alla maydonidan 40 foizida qurilish yakunlangan. Ishlar jadallashtirilmasa, hademay g‘alla mavsumi yakuniga yetay deb qoladi.
2025 yil hosili uchun intensiv agrotexnologiya asosida paxta yetishtiriladigan maydonlarning 172,3 ming gektarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish belgilangan.
Bugungi kunda rejaga nisbatan 88 foiz maydonda yoki 152,0 ming gektarda pudrat shartnomalari rasmiylashtirilgan.
Ushbu rasmiylashtirilgan shartnomalarga asosan 84,5 ming gektar maydon moliyalashtirilgan bo‘lsa, shundan 9,9 ming gektar bank krediti va 74,9 ming gektar tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Qurilish ishlari esa 65,5 ming gektarda amalga oshirilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, pudrat shartnomasini rasmiylashtirish ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7 foiz, Xorazmda 65 foiz, Surxondaryoda 70 foiz, Toshkentda 75 foiz va Navoiyda 86 foizni tashkil qilmoqda. Namangan, Samarqand, Andijon viloyatlari shartnomalar rasmiylashtirishni 100 foiz, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari rejadan oshirib bajargan.
Shartnoma rasmiylashtirilgan maydonlarga nisbatan esa Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Jizzax va Qoraqalpog‘iston Respublikasida moliyalashtirish ishlari sust amalga oshirilmoqda.
Shu kunlarda moliyalashtirish ishlarini amalga oshirib, qolgan maydonlarda ham qurilish ishlarini boshlash zarur. Aks holda, rejalar bajarilmay qolishi mumkin.
Axborot xizmati
