KORRUPSIYA – ILLAT, UNI TAG-TOMIRI BILAN TUGATISH ZARUR
2025-03-25 12:35:00 / Yangiliklar

Suv bilan bog‘liq kasb egalari suvdek toza, halol, pok insonlar. Lekin, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, bilib bilmay nopok ishlarga qo‘l uradiganlar, korrupsiyaga yo‘l qo‘yadiganlar uchrab turadi.
Bugun vazirlik tomonidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, korrupsiyaga qarshi kurashish choralari muhokama qilindi. Unda Suv xo‘jaligi vaziri, o‘rinbosarlari, hududiy va tizim tashkilotlari rahbarlari, mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi.
Shu bois so‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi.
Yig‘ilishda Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev Davlatimiz rahbarining nutqidan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning, shu jumladan, suvchilarning vijdon ishi ekanini ta’kidladi.
Sohani raqamlashtirish, shaffof va ochiq tizim yaratish – korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim omili ekanligini e’tirof etdi.
Videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori S.Qurbonov ishtirok etib, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ushbu illatga qarshi kurash doirasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’ruza qildi. Tizimda mehnat qilayotgan xodimlarning, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlikni shakllantirish zarurligini aytib o‘tdi. Jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlanishini misollar orqali tushuntirib berdi.
Yig‘ilish ishtirokchilarini korrupsiya holatlariga duch kelganida “1161” raqamli “Ishonch telefoni” yoki @bpantikoruz_bot telegram boti orqali xabar berishga chaqirdi.
Shuningdek, videoselektor yig‘ilishida suv fondi yerlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari hisobidagi ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanish holati, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasidagi ishlar tanqidiy muhokama qilindi, kamchiliklarni bartaraf yuzasidan topshiriqlar berildi.
Axborot xizmati