NAVRO‘Z TABRIGI
2025-03-20 10:10:00 / Yangiliklar

Yil yaxshi keldi, qishda, bahorning boshlanishida osmondan
obi-rahmat, qut-baraka, rizq-ro‘z yog‘di. Omborlarimiz suvga to‘ldi, shu bois yozgi sug‘orish mavsumi ko‘ngildagidek o‘tishiga, ulkan xirmonlar yaratilishiga suvchilarning umidlari katta.
Buyuk alloma Hakim at-Termiziy bobomizning “Navro‘znoma” asarida Navro‘z haftaning qaysi kuni kelishiga ko‘ra, uning birorta sayyoraga taalluqli ekanligi aytib o‘tilgan. Juma kuni kelsa, Zuhra (Venera)ga taalluqli bo‘lishi, yomg‘ir ko‘p yog‘ishi, ziroat yaxshi bo‘lishi, narxlar arzonlashishi, shodlik va farovonlik yili bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Bu yilgi Navro‘zning xalqimiz uchun azaldan mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik timsoli bo‘lib kelgan muborak Ramazon oyiga to‘g‘ri kelishi ham bayram ruhini yanada oshirishi shubhasiz.
Mana shunday farahli lahzalarda yangilanish va yasharish ayyomi Navro‘z bilan barcha suvchilarimizni, ularning yaqinlari va oila a’zolarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Prezidentimiz xalqimizni o‘ylab, oziq-ovqat xavfsizligi va farovonlikni ta’minlash uchun sohadagi muammolarni yechib berayapti. “2024-yil – sug‘orish tarmoqlarida suv yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha zarbdor yil”,
2025-yil – “nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb e’lon qilinishi buning dalilidir.
Bu yil suv xo‘jaligi sohasini isloh qilish, tizimni butunlay yangilash, modernizatsiya qilish bo‘yicha oldimizga ulkan vazifalar qo‘yilgan.
586 km kanallar, 15 ming km ichki sug‘orish tarmoqlari beton qilinadi.
97 ta nasos, 109 ta elektrodvigatel yangilanadi, limitga nisbatan
100 mln kVt soat elektr energiyasi tejaladi.
500 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 75 ming gektarda tomchilatib, 35 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish joriy etiladi.
Suv tejovchi texnologiyalar qamrovi 2,4 mln gektarga yetkaziladi.
Suv resurslarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi 1 623 ta
“Aqlli suv”, meliorativ kuzatuv quduqlarida 2 850 ta “Diver” qurilmasi o‘rnatiladi. 15 ta yirik suv xo‘jaligi inshootining boshqaruvi avtomatlashtiriladi.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 10 ta loyiha doirasida
400 mln AQSh dollaridan ziyod mablag‘ o‘zlashtiriladi.
Sho‘rlangan maydonlar 500 ming gektarga kamaytiriladi.
Qishloq xo‘jaligida 10 mlrd kub metr suv iqtisod qilinadi.
Ishonamanki, suvchilarimiz bir yoqadan bosh chiqarib bu vazifalarni sidqidildan uddalaydilar.
Zimmamizda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasidagi ishlarni yakuniga yetkazib qo‘yish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha rejadagi daraxt ko‘chatlarini to‘liq ekish mas’uliyati ham turganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Fursatdan foydalanib, barchangizni ko‘klam nafasi yurtimiz uzra kezayotgan mana shunday tarovatli kunlarda yana bir bor Navro‘zi olam bilan muborakbod etaman.
Siz azizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Go‘zal va jonajon yurtimizda shodiyonalar, quvonchli kunlar ko‘p bo‘lsin.
Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtiyor va farovon bo‘lsin!
Bahoriy uyg‘onish va nafosat timsoli – Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ va barakali kelsin, suvlarimiz mo‘l bo‘lsin!
Shavkat Xamraev,
O‘zbekiston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vaziri
2025-yil 20-mart