22 MART – BUTUNJAHON SUV KUNI
2025-03-18 14:30:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan har yili “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida tadbir o‘tkaziladi.
Butunjahon suv kuniga bag‘ishlab bugun Milliy tadqiqot universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, xalqaro tashkilotlar vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Universitet rektori, professor B.Mirzayev anjumanni kirish so‘zi bilan ochdi.
Iqlim o‘zgarishi, turli ekologik holatlar, tabiatga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda suv qadrini oshirib, uni asrashni taqozo etyapti. Shu bois, dunyo hamjamiyati, mamlakatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar suvni tejashga e’tibor qaratib, aniq maqsadli choralar ishlab chiqyapti.
Anjumanda Suv xo‘jaligi vaziri Markaziy Osiyoning umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, taraqqiyotga erishishning muhim omillaridan biri ekanligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati, sa’y-harakatlari natijasida qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro do‘stona va ishonchli aloqalar Markaziy Osiyo mintaqasidagi transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishga mustahkam zamin yaratganligini e’tirof etdi.
Bu yil Butunjahon suv kuni “Muzliklarni asrash” mavzusi ostida nishonlanmoqda.
Tadbirda suv resurslari bilan bog‘liq mavzularda ma’ruzalar tinglandi, taqdimotlar o‘tkazildi.
“Suvni tejash har bir insonning burchidir” videoroliklar tanlovi, “Yoshlar muzliklarni asrash uchun nima qilishi mumkin? Qanday qilib?” mavzusi bo‘yicha viktorina (jamoaviy) tanlovi, “Muzliklarni asrash” mavzusidagi fotosurat (posterlar) tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Axborot xizmati