SENATORLAR SUV KODEKSINI MA’QULLADI
2025-03-17 17:25:00 / Yangiliklar

Majlisda ma’ruza qilgan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev Kodeksda suv munosabatlari sohasidagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirilganini ta’kidladi.
Jumladan, suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, vazifa va funksiyalariga aniqlik kiritilmoqda.
Shuningdek, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish shartlari, suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari, suvga doir munosabatlarda xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.
Suv kodeksining qabul qilinishi suvdan oqilona foydalanish, suv resurslarini samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydi. Soha bo‘yicha davlat organlarining bir-birini takrorlovchi vakolatlari bilan bog‘liq masalalar hal qilinadi. Suv yetkazib beruvchilar va iste’molchilarning mas’uliyati ortadi.
Shuningdek, qonun mamlakatning suv xavfsizligiga erishishiga xizmat qiladi. Unda suv taqchilligi kuchayib borayotgan davrda barcha iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv infratuzilmasi va sug‘oriladigan yerlar holatini yaxshilash kabi masalalar qamrab olingan.
Senatorlar qonun loyihasini ma’qulladi.
Axborot xizmati