NAVRO‘Z TARIXI
2025-03-17 12:35:00 / Yangiliklar

Qadimiy bayram bu yil juma kuniga to‘g‘ri kelayapti.
Buyuk alloma Hakim at-Termiziy bobomizning “Navro‘znoma” asarida Navro‘z haftaning qaysi kuniga kelishiga ko‘ra, uning birorta sayyoraga taalluqli ekanligi aytib o‘tilgan. Juma kuni kelsa, Zuhra (Venera)ga taalluqli bo‘lishi, yomg‘ir ko‘p yog‘ishi, ziroat yaxshi bo‘lishi, narxlar arzonlashishi, shodlik va farovonlik yili bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Ko‘pchilik olimlar fikriga ko‘ra, Navro‘zning shakllanishi zardushtiylik dinining paydo bo‘lishigacha davom etgan davrni o‘z ichiga olib, Xitoydan O‘rta dengizgacha bo‘lgan hududlarda yashovchi xalqlarning sevimli ayyomi bo‘lib kelgan. O‘sha kunlarda hatto urush-janjallar ham to‘xtatilgan, gina-kuduratlar kechirib yuborilgan.
Eng qadimgi yozma manbalardan biri – zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”ga ko‘ra, bahor qaytishi yaxshilikning yovuzlik ustidan g‘alabasini anglatgan. Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar zardo‘shtiylarning e’tiqodida Navro‘z bayrami muhim o‘rin tutganligini ko‘rsatdi. Xususan, Samarqanddagi Kofirqal’a yodgorligidan zardo‘shtiylarning hosildorlik va suv ilohi hisoblangan Nana aks etgan yog‘och pannoning topilishi fikrimiz dalilidir. Arxeolog olim A.Berdimurodovning ta’kidlashicha, yog‘och panno So‘g‘d hukmdorlarining shahar tashqarisidagi saroyida joylashgan bo‘lib, u joylashgan xona diniy va dunyoviy marosimlarni, jumladan, Navro‘z va Mehrjon bayramlarini nishonlash uchun xizmat qilgan.
Abulqosim Firdavsiyniig “Shohnoma” asarida Navro‘z bayrami shoh Jamshid nomi bilan bog‘lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga kasb o‘rgatadi, temir eritib qurol yasaydi, ip yigirib kiyim to‘qiydi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bog‘ bunyod qiladi. Nihoyat, ishlari gurkirab meva berganda, taxt yasatib, unda osmonga ko‘tariladi. Ushbu afsonaga ko‘ra xuddi shu kundan boshlab Navro‘z nishonlangan. Bayram haqidagi ma’lumotlar Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Umar Xayyomning “Navro‘znoma” asarida ham uchraydi. M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida Navro‘zga oid ma’lumotlar keltirilgan. Tarixchi olim Abu Bakr Narshaxiy (899-959) o‘zining “Buxoro tarixi” asarida Navro‘z kuni Siyovush qabri boshida odamlar jonliq so‘yishlarini va bunga uch ming yildan ortiqroq vaqt o‘tganini yozgan.
Shuningdek, Temuriylar davrida Navro‘z eng ulug‘ va eng aziz, insonlarga cheksiz quvonch ulashuvchi bayram sifatida nishonlangan. Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsun Navro‘z”, deb bejiz bu kunni alohida yod etmagan.
Darhaqiqat, bahor va mehnat bayramining paydo bo‘lishi haqidagi tarixiy ma’lumotlar davrlar o‘tishi bilan turli o‘zgarishlarga uchrab, shu kunlargacha yetib kelgan. Barcha qadimgi afsonalarda esa bu umumxalq bayramining paydo bo‘lishi ajdodlarimizning bahor fasli va ko‘klamgi dala ishlarining boshlanishiga aloqador udumlariga bog‘lanadi. Navro‘z 21-martdan 22-martga o‘tar kechasi “Qozon to‘la” udumi bilan boshlanadi. Shu oqshomda kechasi bilan ko‘pchilik bo‘lib sumalak va halim ham pishirilgan. Bu taomlar qozoni ertasiga ochilgan. Navro‘z “qozon to‘ladigan”, ya’ni qut - baraka tantana qiladigan xalq bayrami hisoblangan.
Asrlar o‘tishi bilan turli xalqlarda Navro‘z bayramini o‘tkazish marosimlari ularning turmush tarziga, mafkurasiga moslashgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, bu kunni bayram qilish rasman ahamoniylar davridan boshlangan va O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston halqlarida eng katta bayramlardan biri hisoblangan.
2010-yil 23-fevralda Afg‘oniston, Ozarbayjon, Hindiston, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyaning tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 21-martni “Xalqaro Navro‘z kuni” deb e’tirof etish haqida qaror qabul qilgan.
YUNESKO e’lon qilishicha, Navro‘z muhim oilaviy an’anadir va bu bayramda pishiriladigan taomlar tozalik, farovonlik va boylikni ifoda etadi.
BMTning maorif, fan va madaniyat tashkiloti – YUNESKO Navro‘zni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritgan.
Gulzoda Xurramova,
IIVning 2-son Toshkent akademik litseyi tarix o‘qituvchisi