«KAMBAG‘ALLIKDAN FAROVONLIK SARI» DASTURI DOIRASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR MUHOKAMA QILINDI
2025-03-13 09:25:00 / Yangiliklar

Seminar ishtirokchilari dastlab «Kattaqum» mahallasida 4,5 kilometr uzunlikdagi ariqni loyqadan tozalab, betonlash yumushlarini amalga oshirayotgan «Surxon namuna ta’mirlash» MChJ bunyodkorlari tomonidan qilinayotgan ishlar bilan tanishdi. Qurilish sifati nazoratdan o‘tkazilib, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish hamda ishni tezlashtirish yuzasidan pudrat tashkiloti quruvchilariga topshiriq berildi.
Seminarda 77 ta mahalladagi loyihalar bo‘yicha erishilgan yutuqlar e’tirof qilindi, shuningdek, nazoratchilar tomonidan o‘rganilganda bir qator obyektlarda hamon yer ishlari davom etayotgani, betonlashda ham siljish bo‘lmayotgani, yer osti quduq qazish texnikalari to‘xtab turganligi sabablari haqida pudrat tashkilotlar mutaxassislari hisob berdi. Loyihalarga pudrat tashkilotlari aniqlanganiga ancha vaqt o‘tgani, barcha obyektlarga 15 foiz bo‘nak pullari moliyalashtirilganiga qaramay, ayrim mahallalarda hali quruvchi tashkilotlar tomonidan ish boshlamagani tanqid qilindi. Xususan, Muzrabot tumanidagi «Mohiyat» mahallasida bitta nasos agregati o‘rnatishi hamda 2 ta yer osti qudug‘i qazishi belgilangani holda hali «Janub universal projekt» MChJ quruvchilari ishga kirishmagani aytib o‘tildi. Muzrabot tumanidagi «Oriyat», «Tong yulduzi», «Fidokor», «Yangi hayot», «Fayzobod», «Darband», «Chegarachi» mahallalari aholisi tomorqalarini suv bilan ta’minlash loyihalarida ham ish sust. Jumladan, yer ishlariga texnikalar safarbar qilinishi o‘rniga quruvchilar qo‘l kuchida bajarayotgani, oqibatda ushbu obyektlarda ariqlarni betonlash hajmi 0,5–06 kilometrdan oshmagani tanqid qilinib, loyiha quruvchilariga ishda keskin o‘zgarish yasab, qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish topshirig‘i berildi.
Seminar jarayonida obyektlarda qurilish-montaj ishlarini uddalayotgan quruvchi tashkilotlarning muammolari ham tinglanib, ularga yechim topish yo‘llari muhokama etildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati



