SHEROBOD TUMANIDAGI «BOYQISHLOQ» MAHALLASI HUDUDIDA 4 TA SUG‘ORISH QUDUG‘I QAZILADI
2025-03-07 16:25:00 / Yangiliklar
Sherobod tumanidagi «Boyqishloq» mahallasi hududidagi ekin maydonlar azaldan «Sherobod» magistral kanalidan suv oluvchi R-19 kanalidan obihayot bilan ta’minlanadi. Biroq ayni qishloq xo‘jalik ekinlari parvarishi davrida suv fermer xo‘jaliklari dalasidan ortmay qoladi, mahalla tarkibidagi Boyqishloq, Bog‘ishamol, Dehqonobod qishloqlarida yashovchi 600 ta oilaning kanalning so‘nggi qulog‘i bo‘lgan qismidan suv oluvchi 90 gektar tomorqa yerlariga ko‘pincha suv yetmaydi.

«Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida mahalla hududida 4 ta artezian qudug‘i qazilib, aholi tomorqalarini kafolatli suv bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
«Surxondaryosuvqurilishinvest» davlat muassasasi buyurtmasiga asosan «Faxriddin» MChJ quruvchilari allaqachon artezian quduqlarining bittasini ishga tushirdi.
– Prezidentimiz va suv xo‘jaligi sohasi rahbarlaridan elimiz g‘oyat minnatdor, – deydi «Boyqishloq» MFY raisi Akmal Tursunov. – Aholi tomorqalari suv ta’minoti yaxshilansa, ekinlar hosildorligi ortib, xalqimiz dasturxoni yanada to‘kin, turmushi farovon bo‘ladi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati


