UY-JOY VA IPOTEKA BOZORINI YANADA RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA MUHIM HUJJAT QABUL QILINDI
2025-02-26 14:30:00 / Yangiliklar

Daromadi yuqori bo‘lmagan 64 mingdan ortiq fuqaroga 3,5 trillion so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi.
Bu boradagi ishlarni davom ettirish va yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevralda “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-26-sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan 2025-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturining asosiy yunalishlari belgilangan. Jumladan, hududlarda jami 8,1 million m2 dan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish, ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga Davlat byudjetidan 2,5 trillion so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun 20,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlari ajratiladi, “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun Davlat byudjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan 3,0 trillion so‘m mikdorida mablag‘lar yo‘naltiriladi.
2025-yil 1-maydan boshlab “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish doirasida yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish buyicha auksion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya kilishga faqat qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.
Shuningdek, ushbu Farmon bilan 2025-yilda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun resurs ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari va bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan boshlab “eskrou” tizimi doirasida kamida 50 foizga qurilgan ko‘p kvartirali uy-joylardan kvartiralar sotib olish uchun kreditlar ajratishga hamda ushbu kreditlar buyicha Davlat budjetidan subsidiyalar to‘lashga ruxsat etiladi.
Nusrat Xalilov,
Yuridik bo‘lim bosh yuriskonsulti
