IJRO INTIZOMINI MUSTAHKAMLASHGA QARATILGAN SEMINAR
2025-02-08 13:10:00 / Yangiliklar
![IJRO INTIZOMINI MUSTAHKAMLASHGA QARATILGAN SEMINAR](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F5eca95bc-deca-0a48-5252-71f7672749b4_lists_slider_35455.jpg&w=3840&q=75)
Unda Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Hisob palatasi, Adliya vazirligi vakillari, Agrosanoat majmui tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar mutaxassislari, Suv xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy tashkilotlari rahbar xodimlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot shaklidagi tadbirda ijro tizimidagi yangiliklar, o‘zgarishlar, normativ hujjatlar bilan ishlash tartibi haqida tushuntirish berildi. Ishtirokchilar o‘z savollariga mutaxassislardan javob oldilar.
Aholi hayoti darajasi va sifatini oshirish borasidagi islohotlar natijadorligi bevosita ularni amalga oshirishga qaratilgan hujjatlar va qarorlarni ijro etish bo‘yicha intizomning qat’iyligiga bog‘liq.
Xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishni o‘zining ezgu amali va kasbiy burchi deb bilgan suv xo‘jaligi xodimlari uchun ham ijro intizomi – ish samaradorligini ta’minlovchi eng muhim hamda asosiy faoliyat mezonlaridan biridir.
Suv xo‘jaligi xodimlarining mashaqqatli mehnatlari bilan har yili o‘rtacha 50-52 milliard kub metr suv mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlariga yetkazib berilmoqda. Soha xodimlari sug‘orish tarmoqlarini betonlash, nasos stansiyalarini ishlatishda elektr energiyasini tejash, raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini keng tatbiq etish, investitsiyalar jalb etish bo‘yicha islohotlarni jadal amalga oshirmoqda. Ko‘rilgan chora-tadbirlar hamda topshiriqlar ijrosini ta’minlash orqali yiliga 8 milliard kub metr atrofida suv iqtisod qilinishiga erishilayapti.
Tajribadan ma’lum: muayyan soha yoki tarmoqda natijadorlikka, samaraga erishish negizida ishga munosabat, qat’iy intizom, yuksak mas’uliyat kabi sifatlar yotadi. Ayniqsa, Davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlash barcha rahbar va mutaxassislarning eng mas’uliyatli vazifalaridan biri bo‘lishi shart. Bugungi seminar treningning xulosasi ana shunday bo‘ldi.
Axborot xizmati