SUV TEJOVCHI TEXNOLOGIYALAR – DAVR TALABI
2025-02-07 17:00:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan Davlat dasturining 3-yo‘nalishi suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga bag‘ishlangan. Jumladan, Davlat dasturidagi 62-maqsad hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni jadallashtirish, mahalliy korxonalarning suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish vazifalarini o‘z ichiga olgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga asosiy e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Nafaqat suv, balki mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i moylash mahsulotlari, ishchi kuchi kabilarga sarf-xarajatlarni tejash bilan birga hosildorlikni oshirishi nuqtai nazaridan uning jozibadorligi yuqori. O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishni 2030 yilgacha 2 million gektarga, jumladan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektarga yetkazish belgilangan.
2024-yilda respublikamiz bo‘yicha 849,4 ming gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 84,9 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 37,2 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 30,6 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. 173,9 ming gektar maydonlar egiluvchan quvur orqali va egatga plyonka to‘shab sug‘orildi, 522,8 ming gektar maydonlar lazerli tekislandi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 2 mln gektarga, shundan tomchilatab sug‘orish texnologiyasi qamrovi 560 ming gektarga yetkazildi.
O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan fermer va klasterlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratilayotgani bu boradagi ishlarning yanada yaxshilanishiga sabab bo‘lyapti. Fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan yili 22 ming gektar paxta maydonlarida tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilinganligi uchun jami 208 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar uchun soliq imtiyozlarining joriy qilinishi katta samara beryapti.
2025-yilda ushbu xayrli ishlarning jadal davom ettirilishi belgilab olingan. Xususan, joriy yilda 500 ming gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 74,7 ming gektarda tomchilatib, 35,3 ming gektarda yomg‘irlatib, 27,5 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, 94 ming gektarni egiluvchan quvur orqali va egatga plyonka to‘shab sug‘orish hamda 268,5 ming gektar maydonni lazerli tekislash bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan holda tasdiqlandi. Mazkur dasturning ijrosi allaqchon boshlanib, birmuncha natijalarga ham erishildi. Ushbu tadbirlarni sifatli amalga oshirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi tashkilotlaridan jami 6 mingdan ziyod ishchi-xodimlardan iborat 300 ta qurilish va servis xizmatlari tashkil etilib, ular tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga amaliy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda 2025-yil hosili uchun 21,8 ming gektar g‘alla maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha “suvkredit.uz” platformasi orqali pudrat shartnomalari rasmiylashtirilib, 15 ming gektar uchun moliyalashtirilgan bo‘lsa, 11 ming gektar maydonlarda qurilish-montaj ishlari boshlandi.
Axborot xizmati


