DEPUTATLAR ISHTIROKIDA SAYYOR ESHITUV VA JURNALISTLAR UCHUN MATBUOT ANJUMANI O‘TKAZILDI
2025-01-23 18:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zolari, Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari hamda OAV vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishni 2030 yilgacha 2 million gektarga, jumladan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektarga yetkazish belgilangan.
Vazir o‘rinbosari R.Qarshievning ta’kidlashicha, 2024-yilda respublika bo‘yicha 849,4 ming gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 84,9 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 37,2 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 30,6 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi hamda 173,9 ming gektar maydonlar egiluvchan quvur orqali va egatga plyonka to‘shab sug‘orildi, 522,8 ming gektar maydonlar lazerli tekislandi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 2 mln gektarga, shundan tomchilatab sug‘orish texnologiyasi qamrovi 560 ming gektarga yetkazildi.
Fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan yili 22 ming gektar paxta maydonlarida tomchilatib va diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilinganligi uchun jami 208 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
2025-yilda 500 ming gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 74,7 ming gektarda tomchilatib, 35,3 ming gektarda yomg‘irlatib, 27,5 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, 94 ming gektarni egiluvchan quvur orqali va egatga plyonka to‘shab sug‘orish hamda 268,5 ming gektar maydonni lazerli tekislash bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan holda tasdiqlandi.
Ushbu tadbirlarni sifatli amalga oshirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi tashkilotlaridan jami 6 mingdan ziyod ishchi-xodimlardan iborat 300 ta qurilish va servis xizmatlari tashkil etilib, ular tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga amaliy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda 2025-yil hosili uchun 21,8 ming gektar g‘alla maydonlarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha “suvkredit.uz” platformasi orqali pudrat shartnomalari rasmiylashtirilib, 14 ming gektar uchun moliyalashtirilgan bo‘lsa, 10,4 ming gektar maydonlarda qurilish-montaj ishlari boshlandi.
Sayyor eshituvda vazirlik mutaxassislari, Agrobank, Suvchilar maktabi va ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari deputatlarning savollariga javob berdi.
Tadbir yakunida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Axborot xizmati