2024-YIL – “SUG‘ORISH TARMOQLARIDA SUV YO‘QOTISHLARINI KAMAYTIRISH BO‘YICHA ZARBDOR YIL”
2024-12-24 18:00:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida bu bebaho resursni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tildi.
Davlat budjetidan 676,7 mlrd so‘m ajratilib, 75 ta obyekt doirasida 555 km kanallar rekonstruksiya qilindi, shundan 433 km kanal betonlashtirildi. Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarning davlat budjeti qismi bo‘yicha “Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash 2-bosqich” loyihasiga 121 mlrd so‘m ajratilib, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 160 km kanallar modernizatsiya qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tashabbuskorligida klaster, fermer xo‘jaliklari tomonidan 13,5 ming km ichki sug‘orish tarmoqlari betonlandi.
Betonlangan irrigatsiya tarmoqlarida filtratsiya (yerga shimilib ketish) kamayib, suvni boshqarish tizimi takomillashdi, 300 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilandi. Irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,66 dan 0,67 ga oshdi.
Misol uchun, Jizzax viloyatida Jizzax bosh nasos stansiyasidan suv oluvchi DM-1, DM-2 va DM-3 kanallarini betonlash va rekonstruksiya qilish orqali Zarbdor, Zomin, Paxtakor va Sh.Rashidov tumanlaridagi 364 ta fermerning 58 000 gektar yer maydonida suv ta’minoti yaxshilandi. Agar Sh.Rashidov tumanining “Qulpisar” hududiga 4-5 kunda suv yetkazilgan bo‘lsa, endilikda bu muddat 3 kunga qisqardi.
Bu boradagi ishlar 2025-yilda yanada jadal davom ettiriladi. Sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 76 ta obyektga 800 mlrd so‘m yo‘naltirilib, 570,4 km kanallar, 21 km lotok va 45,3 km yopiq quvurli sug‘orish tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi. 300 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi, kanallarda yiliga o‘rtacha 450 mln kub metr suv yo‘qotilishini kamaytirishga erishiladi.
Axborot xizmati


