SUV XO‘JALIGI VAZIRI STIPENDIYASI TA’SIS ETILDI
2024-12-16 17:10:00 / Yangiliklar
Stipendiya irrigatsiya va melioratsiya ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-4 bosqich bakalavriat talabalaridan 8 nafariga bir yil davomida beriladi.
Stipendiyaning bir oylik miqdori O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan iborat.
Vazir stipendiyasi tanlovida ishtirok etuvchi nomzodlarga quyidagi talablar belgilanadi:
– a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;
– sohaga oid konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
– O‘zbekiston tarixi haqida bilimlarga ega bo‘lish;
– davlat tilini va kamida bitta xorijiy tilni bilish.
Nomzodlarning ilmiy-tadqiqot ishlarida faolligi, texnik va ixtirochilik qobiliyati, fan olimpiadalari va turli tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagani e’tiborga olinadi.
Istisno tariqasida, 2024/2025-o‘quv yili uchun stipendiyaga talabgorlarning hujjatlari 2024-yilning dekabr oyi, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab esa yiliga bir marta, har yili 1-30-avgust kunlari ko‘rib chiqiladi.
Vazir stipendiyasi sovrindori bo‘lgan talabalar o‘qishi davrida o‘quv va ilmiy amaliyotlari hamda stajirovkalarini Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlarida o‘taydilar, shuningdek xo‘jalik shartnomalarida mehnat faoliyatini olib boradilar.
Sovrindor bo‘lgan talabalar o‘qishni tugatgandan so‘ng Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlarida kamida 2 yil mobaynida ishlash majburiyatini oladilar. Bunda, stipendiya sovrindori bo‘lgan talabalar o‘qishni tugatgandan so‘ng Suv xo‘jaligi vazirligi tizimlariga istiqbolli yosh kadrlar zaxirasiga kiritiladi hamda ushbu talabalarga vazirlik tizimlariga ishga qabul qilishdagi tanlovlarda ustuvorlik beriladi.
Axborot xizmati