DENOV TUMANIDA KELGUSI YILDA 12 MILLION METR KUB SUVNI TEJASH CHORALARI KO‘RILMOQDA
2024-12-04 17:45:00 / Yangiliklar
Denov tumanida o‘tkazilgan seminarda barcha fermer xo‘jaliklari rahbaru a’zolari, suv xo‘jaligi tashkilotlari mutaxassislari ishtirokida sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish masalasi muhokama qilindi. Tuman rahbarlari fermerlar hamda irrigatorlarga betonlashtirishni tezlashtirish hamda sug‘orish tarmoqlarini loyqayu chiqindilardan tozalashni safarbarlikda ado etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Ko‘rgazmali seminarda yig‘ilganlarga betonlashtirishni sifatli tashkil qilish, kanal, ariq va boshqa sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishda qoplama qalinligi kamida qancha bo‘lishi kerakligi, tavakkalchilik bilan ish qilmay, yuz metrga beton yotqizilsa ham sifatga e’tibor berish, hisob-kitobni to‘g‘ri olish kabi ishlar namoyish qilindi. Seminarda ma’ruza qilgan tuman «Suv yetkazib berish xizmati» DM direktori To‘lqin Abdumurodov ta’kidlanganidek, rejalashtirilgan kanallar va ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish hisobiga kelgusida 12 million metr kub suv tejalishi evaziga 1500 gektar ekin maydonlarini qo‘shimcha sug‘orish imkoniyati yuzaga keladi. Bundan tashqari, 2025–2027-yillar orasida Xitoy Xalq Respublikasi investorlari ko‘magida tuman hududidagi «Bulung‘ur» kanalining 12,7 kilometri, «Tojikon» kanalining 11,6 kilometri, «Xayrobod» kanalining 23,5 kilometri, «Denov katta arig‘i» kanalining 15,7 kilometrini betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyihalar to‘liq amalga oshirilishi hisobiga tumanda suvdan foydalanish samaradorligi 25 foizga oshiriladi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga sug‘orish tarmoqlari atrofidagi yerlarga mevali-manzarali daraxtlar ko‘chatini ekish vazifasi ham yuklatildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati