Suv resurslarini oqilona boshqarish: zaxiralar va tejamkorlik natijalari
2026-10-23 15:10:00 / Yangiliklar

«... har yili 10 milliard kub metrdan ortiq suv resurslarini tejash ta’minlanmoqda. 2030-yilga borib esa bu ko‘rsatkich 15 milliard kub metrni tashkil etadi».
Shavkat Mirziyoyev
(2026-yil 22-aprelda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisidagi nutqidan).
Suv resurslaridan adolatli va oqilona foydalanish — suv xavfsizligi, ekologik barqarorlik va kelajak avlodlar uchun suv zaxiralarini asrab-avaylashning muhim shartidir. Mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlar ham shu maqsadlarga qaratilgan. Xususan, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Suv omborlaridagi zaxiralar — barqaror suv ta’minoti asosi
Suv omborlaridagi zaxiralar hajmi va ulardan samarali foydalanish mamlakatning suv xavfsizligini ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligini barqaror suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shu bois suvni aniq hisobga olish va kelgusi mavsum uchun yetarli zaxira shakllantirish dolzarb vazifalardir.
Bugungi kunda respublikadagi suv omborlarida jami 10 mlrd 467 mln kub metr suv zaxirasi to‘plangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 315 mln kub metrga, so‘nggi uch yillik o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan esa 193 mln kub metrga yuqori. Ya’ni mavjud zaxira o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 103 foizini tashkil etadi.
Mazkur zaxiralar joriy yilgi qishloq xo‘jaligi mavsumini suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Prognozlarni to‘g‘ri baholash — suv zaxiralarini rejalashtirish va limitlarni adolatli taqsimlash asosi
Vegetatsiya davri uchun tayyorlangan gidrometeorologik prognozlarga ko‘ra, daryolardagi suv sarfi me’yorga nisbatan turlicha bo‘lishi kutilgan edi. Jumladan:
Farg‘ona vodiysining janubiy qismidagi daryolarda suv sarfi me’yorning 95–105 foizini tashkil etishi;
Zarafshon, Norin va Vaxsh daryolarida mazkur ko‘rsatkich 80–90 foiz atrofida bo‘lishi;
Chirchiq daryosi hamda Farg‘ona vodiysining shimoliy qismidagi daryolarda suv sarfi me’yorning 70–80 foizini tashkil etishi;
Surxondaryo, Qashqadaryo va Ohangaron daryolarida esa suv sarfi me’yorning 60–70 foizi darajasida bo‘lishi prognoz qilindi.
Mavjud gidrologik vaziyatni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan barcha suv manbalaridan jami 32 milliard 652 million kub metr suv olish limiti belgilandi. Ushbu hajmning 29 milliard 406 million kub metri sug‘orish ehtiyojlari uchun ajratildi.
Bunday yondashuv mavjud suv resurslarini hududlar va iste’molchilar o‘rtasida oqilona taqsimlash, suv tanqisligi xavfini kamaytirish hamda vegetatsiya davrida qishloq xo‘jaligi ekinlarining suvga bo‘lgan ehtiyojini belgilangan limitlar doirasida ta’minlashga xizmat qiladi.
Har bir tejalgan tomchi suv — kelajak farovonligiga qo‘shilgan hissadir
Suvni tejash faqat sarfni kamaytirish emas, balki har bir tomchidan maqsadli foydalanish va isrofgarchilikning oldini olishdir. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, sug‘orish tizimlarini takomillashtirish va suv taqsimotini aniq hisob-kitoblar asosida tashkil etish muhim vazifalardan hisoblanadi.
2026-yilda vazirlik oldiga 11 mlrd kub metr suvni tejash vazifasi qo‘yildi. Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, jami 10 mlrd 120 mln kub metr suvni tejashga erishildi. Bu natija quyidagi amaliy chora-tadbirlar hisobiga ta’minlandi:
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish. Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish kabi zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash natijasida 4 mlrd 816 mln kub metr suv tejaldi.
Irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish. Kanal va ariqlarni ta’mirlash hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, suvning sizib yo‘qolishini kamaytirish hisobiga 2 mlrd 839 mln kub metr suv tejaldi.
Agrotexnik tadbirlar va boshqaruv samaradorligini oshirish. Suv obyektlarini samarali boshqarish va agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish natijasida 1 mlrd 833 mln kub metr suv iqtisod qilindi.
Suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish. Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali 632 mln kub metr suv tejab qolindi.
Erishilgan natijalarni mustahkamlash uchun suv yo‘qotishlarini yanada kamaytirish va mavjud resurslardan samarali foydalanish zarur. Bu jarayonda davlat tashkilotlari, fermer va klaster xo‘jaliklari, shuningdek, har bir suv iste’molchisining mas’uliyati muhim o‘rin tutadi.
Suvni tejash iqtisodiy manfaat bilan birga, ekologik barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligi uchun ham muhim. Bugun suvni qanchalik qadrlasak va undan qanchalik oqilona foydalansak, ertangi kunning suv ta’minoti va farovonligi uchun shunchalik mustahkam zamin yaratamiz.
Jahongir ABDURAZZOQOV,
Suv xo‘jaligi vazirligi
Transchegaraviy suv resurslarini boshqarish
va suv kadastri boshqarmasi boshlig‘i
