Suv xo‘jaligining ertasi bilimli kadrlar qo‘lida
2026-10-23 12:20:00 / Yangiliklar

Kanaldan oqayotgan suvning har bir kub metri ortida dehqon mehnati, daladagi hosil, oilalarning rizqi va o‘sha hududning ertangi kuni mujassam. Shu bois suvni boshqarish faqat inshootlar, kanallar yoki texnika bilan bog‘liq ish emas. Bu — avvalo, bilim, tajriba va yuksak mas’uliyat talab etadigan kasb.
Bugun dunyoda suvga munosabat o‘zgarmoqda. Shunday sharoitda muhim bir haqiqat tobora ravshanlashmoqda: eng zamonaviy texnologiya ham uni oqilona boshqaradigan inson bo‘lmasa, kutilgan samarani bermaydi. Demak, suv xo‘jaligini yangilash — faqat beton kanallar qurish, nasoslarni modernizatsiya qilish yoki raqamli tizimlarni joriy etish emas. Bu, eng avvalo, shu o‘zgarishlarga munosib kadrlarni tarbiyalash demakdir.
Raqamlar ortidagi ishonch
Mamlakatimizda suv resurslarini oqilona boshqarish va sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayapti. Prezidentimizning 2025-yil 15-avgustdagi PQ-250-son qarori bilan tasdiqlangan, suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi ham ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlar samarasini bitta muhim raqamda ham ko‘rish mumkin. 2026-yilda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarga 1 000 nafar oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisini ishga qabul qilish rejalashtirilgan edi.
Amalda 1 027 nafar yosh mutaxassis ishga qabul qilindi.
Bu raqamlar ortida mingdan ziyod yoshning kasbiy hayotga qadam qo‘ygani, oliy ta’lim bilan amaliyot o‘rtasida yangi bog‘liqlik paydo bo‘layotgani, suv xo‘jaligiga yangicha fikr va intilishlar kirib kelayotgani turibdi.
Albatta, mutaxassisni ishga qabul qilish — marra emas, yo‘lning boshlanishi. Eng muhim vazifa endi ularning salohiyatini ochish, kasbiga mehr uyg‘otish, bilim va tashabbusini aniq natijaga aylantirishdan iborat.
Ustoz tajribasi, shogird shijoati
Suv xo‘jaligi kitobda o‘qilgan bilim hayot sinovidan o‘tadigan sohalardan. Kanaldagi suv sarfini hisoblash, gidrotexnika inshootining holatini baholash, nasos agregatini boshqarish yoki murakkab vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun nazariyaning o‘zi kifoya qilmaydi. Bularning barchasi sinchkovlik, amaliy mahorat va mas’uliyatni talab etadi.
Shu ma’noda, tizimda davom etayotgan «Ustoz – shogird» an’anasining o‘rni beqiyos. Tajribali suvchi yosh hamkasbiga faqat ish usulini emas, suvning tabiatini his etishni, xatoning oldini olishni, xavfsizlikka rioya qilishni, qabul qilingan qaror oqibatini oldindan o‘ylashni ham o‘rgatadi. Yosh mutaxassis esa bu tajribaga zamonaviy bilim, raqamli ko‘nikma va yangicha yondashuvni qo‘shadi.
Tajriba bilan yangilik birlashgan joyda haqiqiy taraqqiyot boshlanadi. Shuning uchun ham yosh kadrni shunchaki ish bilan ta’minlash emas, uning mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor va ishonchli mutaxassis bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish muhim.
Buning uchun munosib mehnat va turmush sharoitlari ham zarur. Zero, suv xo‘jaligi obyektlarining bir qismi aholi punktlaridan olisda joylashgan. Qatnov, turar joy va kundalik ehtiyojlar bilan bog‘liq qiyinchiliklar yosh xodimning kasbiga bo‘lgan munosabatiga ta’sir etishi mumkin. Shu bois Suvchilar uylarida yotoqxonalar tashkil etish, olisdan kelib ishlaydigan mutaxassislarni turar joy bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar kadrlarni sohada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Biz o‘zimiz ishchi guruh tarkibida hududlarga chiqib, Suvchilar uylaridagi yotoqxonalarda yashayotgan yoshlar bilan suhbatlashdik, ularning sharoitlari bilan tanishdik. Bemalol aytishimiz mumkinki, har bir yosh o‘zi ishlayotgan tashkilot rahbarining bevosita e’tiborida. Maqsad – yosh kadrlar mehnati qadrlanayotganini, o‘z ustida ishlashi va kasbiy o‘sishi uchun imkoniyat borligini his etsa, ishiga ham, jamoasiga ham boshqacha mas’uliyat bilan yondashadi.
Ertangi suvchi — bugun tayyorlanadi
Zamon suvchidan kechagidan ko‘ra ko‘proq bilim talab qilmoqda. Endi u faqat suvni yetkazib berishni emas, uning sarfini aniq hisoblashni, yo‘qotishlarni tahlil qilishni, masofaviy kuzatuv va raqamli ma’lumotlar asosida qaror qabul qilishni ham bilishi kerak.
Buni ta’minlash uchun oliy ta’lim muassasalari bilan suv xo‘jaligi tashkilotlari hamkorligini yanada chuqurlashtirish, talabalar amaliyotini bevosita inshootlar va ishlab chiqarish jarayonlari bilan bog‘lash muhim. Yosh mutaxassislar uchun raqamli texnologiyalar, suv hisobi va monitoring bo‘yicha amaliy o‘quvlarni kengaytirish, suv va energiyani tejashga xizmat qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash zarur.
Shu bilan birga, kasbiy o‘sishni ish natijasi bilan baholash, izlanuvchan va tashabbuskor xodimlarni munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Chunki kelajak suv xo‘jaligiga faqat topshiriqni bajaradigan ijrochilar emas, muammoni ko‘ra oladigan, uning yechimini taklif qiladigan va o‘z qarori uchun javob beradigan mutaxassislar kerak.
Bugun tizimga kirib kelgan 1000 nafardan ziyod yosh mutaxassis — ana shunday kelajak uchun muhim imkoniyat. Ularning har biriga berilgan bilim, ishonch va sharoit ertaga sohadagi aniq yutuqlar, tejalgan suv, samarali boshqaruv va barqaror natijalarga aylanishi mumkin.
Dilafro‘z Alikulova,
Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi boshlig‘i
