DARAXT SUVSIZ KO‘KARMAYDI
2024-10-07 15:55:00 / Yangiliklar
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar tahlili hamda vazifalar belgilash munosabati bilan «Termiz-Toshkent» avtomobil yo‘lining Termiz tumani hududidan o‘tgan qismida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda viloyatdagi barcha tashkilot, korxona, muassasalar rahbarlari, tuman va shahar hokimlari qatnashdi va ularga birinchi galda katta yo‘llar atrofini obodonlashtirish hamda mevali-manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishga safarbarlik bilan kirishish topshirig‘i berildi.
Bundan tashqari, mas’ullar zimmasiga Amudaryoning bo‘yida qad rostlab turgan al-Hakim at-Termiziy majmuasidan boshlab, to Sherobod tumani hududida joylashgan Iso at-Termiziy maqbarasigacha bo‘lgan 49 kilometr uzunlikdagi katta yo‘llarning ikki yonboshidagi bo‘sh yerlarni tartibga keltirib, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish vazifasi yuklatildi.
Ko‘rgazmali seminarda ishtirok etgan va so‘zga chiqqan viloyatning birinchi rahbaridan tortib ko‘pni ko‘rgan oqsoqollarning ma’ruzalari, taklif va tavsiyalarida «Suv bo‘lmasa, daraxt ko‘karmaydi, barcha xarajat va mehnat zoya ketadi», degan so‘z bot-bot takrorlandi. Ko‘rgazmali seminarda qatnashgan Amu-Surxon ITHB bosh mutaxassislari hamda tumanlar «Suv yetkazib berish xizmati» DMlar rahbarlariga ekilgan daraxtlarni sug‘orish uchun suv bilan ta’minlash, suvni tejash uchun yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish topshirig‘i berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati