Ona tilimizga hurmat va ehtirom
2026-10-21 17:10:00 / Yangiliklar

Bugun, 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy o‘zbek adabiy tilining rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. U o‘zining boy ijodiy merosi, xususan, «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari orqali turkiy tilning boyligi, nafosati va yuksak ifoda imkoniyatlarini namoyon etgan.
Shu bois, O‘zbek tili bayrami kuni Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish ona tilimizga, milliy adabiyotimizga va buyuk ajdodlarimiz merosiga chuqur hurmat-ehtirom ramzi hisoblanadi.
Bayram munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar, adabiyot va san’at namoyandalari ishtirok etib, Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati jamoasi ham ushbu ezgu an’anaga hamohang ravishda ulug‘ bobomiz haykali poyiga gullar qo‘yib, ona tilimiz va milliy ma’naviy merosimizga o‘z ehtiromini izhor etdi.
Axborot xizmati


